Uzumzorlar qo‘shimcha daromad keltiradi
Yaxshi mehnat qilinsa, tomorqalar va yer uchastkalaridan yanada samaraliroq foydalanib, olinayotgan hosil va daromadlarni 2-3 martagacha oshirish mumkin.
Chunki, bizning iqlim sharoitimiz yil davomida dehqonchilik qilish imkonini beradi. Shuning uchun hozirda bu masalaga hukumat darajasida e’tibor qaratilayapti.
bugungi kunda tomorqachilikning rivojlanishi odamlarning yaxshi turmush kechirishi, qo‘shimcha daromad olish, oziq-ovqat mo‘l-ko‘lchiligiga erishish, oilalarning moddiy ta’minotini yaxshilash va aholi bandligini ta’minlashda katta ahamiyat kasb etadi. Agar har bir oila o‘z tomorqasidan unumli foydalansa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan o‘zini-o‘zi to‘la ta’minlaydi. Natijada uni bozordan sotib olishga ketadigan mablag‘ni boshqa ehtiyojlariga ishlatish mumkin. Qolaversa, o‘z ehtiyojidan ortib qolgan mahsulotni bozorga chiqargan oilaning moddiy ahvoli yanada yaxshilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyuldagi «Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ixtisoslashgan tumanlarda aholi xonadonlarida uzumzorlar barpo etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Navoiy viloyatida 2021-2024 yillarda 3185 gektarda tok ko‘chati ekish mo‘ljallanmoqda. Navbahor tumanida 1400 gektar, Qiziltepa tumanida 1400 gektar, Xatirchi tumanida 276 gektar, Nurota tumanida 109 gektar tokzor shular sirasidandir.
Shuningdek, 2021 yil kuz va 2022 yil bahor oylarida 70 ta MFY 23 ming 207 ta xonadonning tom orqasiga 232,1 ming dona uzum ko‘chatlari voyishsimon sibag‘az usulida ekishni tashkil qilish rejalashtirilgan. Xususan, Karmana tumanida 4 982 ta xonadonda, Navbahor tumanida 3 981 ta xonadonda, Qiziltepa tumanida 5 147 ta xonadonda ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
Bu kabi ishlarni samaradorligini yanada oshirishda esa joylarda o‘tkazilayotgan mahorat darslari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Viloyatning Qiziltepa tumaning 2-sektorida joylashgan Vang‘ozi mahallasidagi Obit Muhitdinov xonadonida uzum ko‘chatlarini ekish bo‘yicha seminar ana shunday uchrashuvlardan biri.
Aholi xonadonlariga uzum ko‘chatlarini ekish agrotexnik tadbirlari tushuntirilgan seminarda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi xodimlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tumandagi barcha mahalla raislari va tomorqa bo‘yicha mutaxassislar hamda mahalladagi tomorqa yer egalari ishtirok etdi.
Qayd etish kerakki, Vang‘ozi mahallasida 786 ta aholi xonadoni mavjud bo‘lib, 2021 yil kuz va 2022 yil bahor oylarida 418 ta xonadonda 4 180 ta tok ekiladi. Aholi xonadonlari oldiga uzum ko‘chatlari ekish va 4629 metr so‘ritok tashkil etish rejalashtirilgan.
Zuhra MIRZABOEVA, O‘zA