Uzum yetishtirishga ixtisoslashgan fermerlarning tajribasi oshirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2017-2021-yillarda 950 gektar tokzor barpo etish uchun qulay yer ajratish, uzumchilikni rivojlantirish orqali 500 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2017-2021-yillarda 950 gektar tokzor barpo etish uchun qulay yer ajratish, uzumchilikni rivojlantirish orqali 500 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.Nukusda uzumchilikni rivojlantirish va uning istiqbollariga bag‘ishlab o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda bu alohida ta’kidlandi.
“O‘zvinosanoatxolding” kompaniyasi tomonidan qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, bog‘bonlar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqlim va tuproq sharoitidan kelib chiqqan holda tokzorlar uchun mos yerlar ajratish, uzumchilikka zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yaroqsiz uzum plantatsiyalarini rekonstruksiya qilish, yerdan unumli foydalanish, qator oralarida poliz-sabzavot mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
– Seminar mintaqada uzum yetishtirishga ixtisoslashgan fermerlarning bilim va tajribasini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi “O‘zvinosanoatxolding” kompaniyasi bo‘lim boshlig‘i Adiba Ahmadjonova. – Qoraqalpog‘iston Respublikasida mavjud 1 ming 700 gektardan ziyod tokzorda yetishtirilayotgan uzum sifatini yaxshilash, tokzorlarni kengaytirish, hosildorlikni oshirishning agrotexnik qoidalari, moddiy-texnik resurslar ta’minoti, zaharli kimyoviy preparatlarni qo‘llash texnologiyalari, tuproq tarkibida o‘simlik uchun eng zarur azot, fosfor va kaliy elementlarini ko‘paytirish usullari, so‘nggi yillarda sohaga jalb etilayotgan innovatsion ishlanmalar bo‘yicha keng tushunchalar berildi.
Ko‘rgazmada ishtirokchilar tokzorlarga kimyoviy ishlov berish uskunalari, eksportbop yangi serhosil navlar va ularning agrotexnika qoidalari, kimyoviy preparatlar va ularni qo‘llash tavsiyanomalari bilan tanishdi. Bog‘bonlar, fermer xo‘jaliklari va ta’minotchi korxonalar o‘rtasida shartnomalar tuzildi.