Uzoqni ko‘zlagan erta daraxt ekadi
G‘arbiy Tyanshan tog‘larining Chotqol tizmasi va tizmada joylashgan Katta Chimyon, Qizilnura va Aukashka cho‘qqilari. Ushbu tog‘ tizmasi etaklarida bunyod etilgan Mudofaa vazirligi «Chimyon» tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashg‘ulot markazi O‘zbekiston harbiylarining xalqaro armiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatlarining asosiy omiliga aylanib bormoqda.
Har tomonlama zamonaviy talablarga javob bera oladigan «Chimyon» tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashg‘ulot markazi foydalanishga topshirilgandan keyin harbiylarimizning xalqaro armiya o‘yinlaridagi imkoniyatilari oshishiga zamin yaratildi. Bu yerda «Elburs xalqasi», «Tog‘ uchkurashi», «Sayan yurishi» va «Otliq marafon» kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorgarlik bosqichining eng muhim va mas’uliyatli jarayonlari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazish mumkin.

2021 yilning dekabr oyi. Aynan shu paytda «Elburs xalqasi», «Tog‘ uchkurashi», «Sayan yurishi» va «Otliq marafon» yo‘nalishlarida 2022 yilgi xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik boshlab yuborildi. «Chimyon» tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashg‘ulot markazida barcha harbiy okruglardan kelgan harbiy xizmatchilar guruhlarga bo‘lingan holda tajribali yo‘riqchilar boshchiligida topshiriqlarni bajarishga kirishdilar. ArMI o‘yinlarining avgust-sentyabr oylari oralig‘ida o‘tkazilishini e’tiborga oladigan bo‘lsak, tayyorgarlik jarayonlarining o‘zi 8 oydan iborat ekanligini anlab yetamiz.

Ha, uzoqni ko‘zlagan erta daraxt ekadi. O‘tgan yillar davomida qo‘lga kiritilgan yuqori natijalarni takrorlash, ayrim yo‘nalishlarda chempionlik unvonini himoya qilish uchun mana shunday tizimli mashg‘ulotlar va tayyorgarliklar dasturi ishlab chiqilgan.
Jarayonlarni kuzatar ekansiz, otliq marafonchilar jamoasiga nomzodlikka da’vogarlik qilayotganlarning otni ushlash uchun arqon tashlash, muvaffaqiyatli arqon uloqtirishdan so‘ng tulporni egarlash, uni o‘ziga bo‘ysindirgan holda dasturdagi mashqlarni bajarish kabi urinishlari osonlikcha kechmayotganiga guvoh bo‘lasiz. Go‘yoki birinchi marta bajarayotgandek...

Yuqoridagi holat boshqa guruhlarda ham kuzatildi. Aynan shu yigitlar ArMI o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya eta oladimi? Hali shularmi chavandozlik hadisini olib katta bo‘lgan, tog‘larda chopqillab o‘sgan yigitlar? Chetdan qaragan kishida shunday savollar tug‘ilishi tabiiy. Boshida biz ham shunday o‘ylagandik. Ammo mashg‘ulotlarni olib borayotgan yo‘riqchilarning ta’kidlashicha, harbiy xizmatchilarning hayotiy tajribasi va ArMI o‘yinlari dasturidagi talablar o‘rtasida tafovutlar ko‘zga tashlanadi. E’tiborli tomoni shundaki, keyingi yillarda har bir harbiy xizmatchi xalqaro musobaqalarda o‘zini sinab ko‘rish imkoniyati yaratib berilgan. Sakkiz oy davomida ArMI o‘yinlari dasturidagi talablar bo‘yicha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tganlargina O‘zbekiston terma jamoasi safiga qabul qilinadi.
Katta serjant Iqbol Kamolov hamda kichik serjant Rustam Tog‘ayev singari harbiy alpinistlarga «Elburs xalqasi» va «Tog‘ uchkurashi» yo‘nalishi bo‘yicha "ArMI – 2022" o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan nomzodlarni ko‘rikdan o‘tkazish mas’uliyati yuklangan. «Sayan yurishi»da kichik serjant Nurbek Niyazimbetov chang‘ichilar, kichik serjant Rinat Kudayarov esa «Otliq marafon» bo‘yicha chavandozlarni ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
Asror RO‘ZIBOEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti xodimi.
O‘zA