UZKAD dasturi – qulay va ishonchli
Prezidentimizning 2022 yil 24 avgustdagi “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar haqidagi ma’lumotlar UZKAD tizimiga to‘liq o‘tkazilmoqda.
–Mazkur farmon bilan tasdiqlangan dasturga asosan qog‘oz shaklida yoki boshqa axborot tizimlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har bir ko‘chmas mulk ob’ektini identifikatsiyalagan holda 4 bosqichda UZKAD tizimiga to‘liq o‘tkazilishi belgilangan, –deydi Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasining Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Mirshod Shukrullayev. – Dastlabki bosqichda ko‘p kvartirali uylar, keyingi bosqichda davlat tashkilotlariga tegishli ob’ektlar va ijtimoiy soha ob’ektlari, uchinchi bosqichda tijorat tashkilotlariga tegishli ob’ektlar hamda yakuniy bosqichda yakka tartibdagi turar joylar va boshqa ob’ektlar dasturga kiritiladi.

Ma’lumot o‘rnida, 2022 yilda viloyat hududidagi jami 2261 ko‘p kvartirali uylarni tizimga yuklash ishlari yakunlangan. Shundan so‘ng, Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan davlat tashkilotlariga tegishli ob’ektlar va ijtimoiy soha ob’ektlarini tizimga kiritish ishlari boshlab yuborildi.
Buxoro viloyatida mavjud barcha maktablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar sohaning 8 ta yo‘nalishidagi mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tomonidan o‘rganilib, hozirgi kunda 586 maktab, 462 maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 989 davlat ob’ektlari dasturga to‘liq kiritildi. Ayni paytda ishchi guruhlar tomonidan ijtimoiy soha ob’ektlarini tizimga kiritish borasidagi ishlar davom etmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri hamda ko‘chmas mulk obektlari haqidagi ma’lumotlar UZKAD tizimi orqali yuritilib, ma’lumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadi.
Zarif Komilov, O‘zA