"Uzerae Cable" korxonasida yangi kabel turi mahalliylashtirilmoqda
Ayni kunlarda «O‘zeltexsanoat» uyushmasi mas’ul xodimlari Navoiy viloyatida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Uyushma axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu safar chog‘ida viloyatda joylashgan soha korxonalari, tashkilotlar o‘rtasida kooperatsiya, uyushmaga a’zolik va boshqa masalalarda uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Viloyatdagi “Uzerae Cable” korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishuv esa ana shunday tadbirlardan biridir.
– “Uzerae Cable” korxonasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda uyushmaga a’zolik, elektrotexnika sanoatiga oid huquqiy yangiliklar va kooperatsiya masalalari muhokama qilindi, – deydi «O‘zeltexsanoat» uyushmasi boshqarma boshlig‘i Ahrorxo‘ja Shamsiddinov. — O‘z o‘rnida korxona mas’ullari «O‘zeltexsanoat» uyushmasiga a’zo bo‘lish va birgalikda ishlab chiqarish, eksport va sertifikatlashtirishni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini aytib o‘tdi. Tadbirdan so‘ng biz korxonaning ishlab chiqarish jarayoni va laboratoriya faoliyatini o‘rgandik. Ahamiyatlisi, ayni paytda ushbu korxona respublikada ilk bor yangi kabel mahsuloti, ya’ni avtomobillar motori uchun kabel-sim mahsulotini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugun «Navoiyazot» AJ korxonasida kooperatsiya uchrashuvi o‘tkaziladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA