Uzcardʻning oʻrnini “Humo” egallaydi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy toʻlov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan milliy chakana toʻlov tizimini yaratish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy toʻlov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan milliy chakana toʻlov tizimini yaratish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Xususan, aholi fikriga asoslangan toʻlov tizimining brendini yaratish maqsadida, joriy yilning 24 sentyabr kuni Markaziy bank yangi tashkil etilayotgan toʻlov tizimining nomini aniqlash boʻyicha tanlov eʼlon qildi. Bu haqda bankning matbuot xizmati xabar qildi.
Tanlovning birinchi bosqichida 2,4 ming nafar fuqaro oʻz taklifini bildirdi. Ular orasidan eng koʻp bildirilgan uchta nom – Humo, Adras va Anor tanlab olindi.
Tanlovning ikkinchi bosqichida, yuqorida keltirilgan uchta nomdan biriga ovoz berishda 4,0 mingga yaqin respondent ishtirok etdi.
Ovoz berish natijalariga koʻra, birinchi oʻrinni 45,3% ovoz bilan “Humo” nomi egalladi.
Shu munosabat bilan tanlangan gʻolib “Humo” nomini hisobga olgan holda milliy chakana toʻlov tizimining brendini ishlab chiqish boʻyicha ishlar olib boriladi.
Markaziy bank milliy chakana toʻlov tizimining brendini tanlashda qatnashgan barcha vatandoshlarimizga minnatdorchilik bildiradi.