“Uzbekistan Airways”: yangi reyslar qo‘yish takliflari bildirildi
Andijon shahrida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari, aviakompaniyaning boshqarma va tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, “Andijon” xalqaro aeroporti mas’ullari, ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik, aholi vakillari, shuningdek, jamiyat bilan hamkorlikda ish olib boruvchi tadbirkorlar ishtirokida fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazildi.
Tadbir ochilishida mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, mazkur yo‘nalishdagi islohotlar samarasi, soha faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

Aholining aviakompaniya faoliyati bilan bog‘liq muammoli masalalarini tezkor hal etish va fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan sayyor qabul davomida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining tijorat va turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrattillo Yadgarov boshchiligidagi mutasaddilar fuqarolarning bir qator murojaat va takliflarini tingladi.

Unda aviakompaniya chiptalari narxini arzonlashtirish, chiptalarni xarid qilish tizimini soddalashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, Andijondan yurtimizning – Samarqand, Buxoro, Urganch kabi tarixiy shaharlariga reyslar qo‘yish, aviakompaniya tizimiga ishga kirish kabi qator masalalar bo‘yicha murojaat va takliflar bo‘ldi.

Aviakompaniya rahbariyati tomonidan bildirilgan murojaat va takliflar, ichki yo‘nalishlar bo‘yicha reyslar qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi bildirildi, shuningdek, tizimga ishga kirish tartiblari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari, yangi xalqaro yo‘nalishlarda ham parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilayotganligi qayd etildi.

Ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda “Andijon” xalqaro aeroportida ham keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Jumladan, “Andijon” xalqaro aeroporti hududida xalqaro talablarga mos uchish-qo‘nish yo‘lagi, samolyotlar uchun to‘xtash joyi qurilib, yoritish-signal qurilmalari o‘rnatildi.

Shuningdek, aeroportda noqulay ob-havo sharoitida va tungi vaqtlarda ham parvozlar qilish hamda barcha rusumdagi havo kemalarini qabul qilish imkoniyati yaratildi, xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha reyslar qo‘yildi. Aeroportning yo‘lovchi o‘tkazuvchanlik imkoniyati, parvozlar soni ortdi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.