Uylarga qonuniy maqom berish jarayoni izchil davom etmoqda
Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida xatlov ishlari shunchaki raqamlar yoki quruq statistika emas. Bu — yillar davomida hujjatsiz, noaniq maqomda yashab kelgan minglab xonadonlar taqdirining qonuniy yechim topishi demakdir.
“O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bugun ko‘plab oilalar uchun yengil nafas olish imkonini bermoqda. Ilgari hujjatsiz uyda yashash odamni doimiy xavotirda ushlab kelgan bo‘lsa, endilikda ana shu mulklarga qonuniy maqom berish jarayoni izchil davom etmoqda.
Tumanda kadastr muhandislari tomonidan olib borilayotgan xatlov ishlari ochiqlik va aniqlik asosida tashkil etilgan. Har bir hudud bosqichma-bosqich o‘rganilib, yerdan foydalanish holati, qurilmalarning huquqiy maqomi va mavjud hujjatlar sinchiklab tahlil qilinmoqda.
Ayni paytga qadar tumanning 11 ta mahallasida xatlov ishlari amalga oshirildi. Yil yakuniga qadar yana 6 ta mahallada inventarizatsiya ishlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, 6 ta mahalla fuqarolar yig‘ini chegaralari UZKAD tizimida shakllantirilib, 1003 ta ko‘chmas mulk ob’ekti bo‘yicha xatlov ishlari bajarildi.
2026-yil 11-may holatiga ko‘ra, tumandagi 4535 ta turar joy ob’ekti xatlovdan o‘tkazilib, “E’tirof” axborot tizimiga kiritildi. Ayni vaqtda 4204 ta ob’ekt muhokama jarayonida turibdi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bu ishlar faqat kadastr tizimini tartibga solish emas, balki insonning eng qadrli huquqlaridan biri — mulk daxlsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri