Uygʻonmoq dunyo bilan barobar yashamoqdir...
Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrida barpo etilgan Adiblar xiyoboni chin maʼnoda maʼrifat, ilm-ziyo, milliy-maʼnaviy yuksalish maskani, buyuk tarbiya oʻchogʻidir.
Maʼnaviyat
Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrida barpo etilgan Adiblar xiyoboni chin maʼnoda maʼrifat, ilm-ziyo, milliy-maʼnaviy yuksalish maskani, buyuk tarbiya oʻchogʻidir.
Hazrat Navoiydan to zamondoshimiz boʻlgan Muhammad Yusufgacha boʻlgan shoiru adiblarimizning muazzam siymolari talqinida ertangi kunga ishonch, farzandlarimizning porloq kelajagi, shu ozod yurtda umrguzaronlik qilayotgan kishilarning qatʼiyati, tanlagan yoʻlimizdan ogʻishmay harakat qilishi, oʻzaro hamjihat va hamfikrligi, avlodu ajdodlariga cheksiz hurmat va ehtiromni koʻrasan, kishi. Soʻlim, bahavo, bemalol tashrif buyurish mumkin boʻlgan bu maskanga kelgan Prezidentimiz ulugʻ ziyolilarimiz hayoti va ijod yoʻlini chuqurroq tadqiq etish, oʻquvchi hamda talabalarga ular bosib oʻtgan umr haqiqatlarini koʻproq yetkazish niyatida har bir oliy taʼlim muassasasiga shoiru adiblarimiz ijodiyotini batafsil tahlil, targʻib va tavsif etish zaruratini alohida uqtirdilar.
Muddao – shu zaminimizda yashab, ijod etgan maʼrifatparvarlarimiz hayot va ijod tarzini namuna sifatida talaba-yoshlarga yetkazish, ularda yurtga, elga, millatga boʻlgan sadoqat hamda vatanparvarlik, oʻz tarixi, maʼnaviy merosi, asori-atiqalariga hurmat va daxldorlik hissini teranroq shakllantirishdir.
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida yangi davr oʻzbek madaniyatining asoschisi, Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, mustaqil jumhuriyat qurish gʻoyasining yalovbardori, yangi maktab va yangicha oʻqitishning afzalligini amalda isbotlagan ziyoli, jurnalist, dramaturg va noshir Mahmudxoʻja Behbudiy ilmiy merosini tadqiq etish, talaba-yoshlar, professor-oʻqituvchilarga yetkazish jarayoni qizgʻin boshlandi.
Turkistonda XIX asrning oxirlarida maydonga kelib XX asr boshlarida shakllangan millatning yashashi, taraqqiy etishi, ozod, mustaqil boʻlishi, haq-huquqini tanishi uchun maktab-maorifni isloh qilish, yangicha fikr va gʻoyaga ega boʻlgan avlodni tarbiyalash shart, degan ezgu maqsadni ilgari surgan, aytish joizki, shu niyatlari yoʻlida qatagʻonga uchragan jadidchilar, shubhasiz, millatimiz tarixida yangi sahifani boshlab bergan.
Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yilning 19-yanvarida Samarqand shahri yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida oʻqimishli mulla oilasida tugʻilgan. Behbudiyning tarbiyasi bilan uning togʻasi, qozi Muhammad Siddiq mashgʻul boʻladi. Arab tili grammatikasini kichik togʻasi Mulla Odildan oʻrganadi. Mustaqil tarzda koʻpgina adabiyotlarni mutolaa qiladi. U 18 yoshida qozixonada mirzolik qilgan. Shariat qonunlarini qunt bilan oʻrgangani sabab qozi, keyinchalik muftiy darajasigacha koʻtariladi. Ammo turkiy xalqlarni ilm-maʼrifatli, axloqli, odobli, dunyo tamaddunida munosib oʻringa ega boʻlgan millat sifatida koʻrsatish, shu yurt farzandlarini dunyo ilmi, tili va adabiyoti, madaniyati va goʻzalligi bilan yaqindan tanishtirish maqsadi unga tinchlik bermasdi. U maqolalaridan birida shunday yozadi: “Zamona ilm-fanidan bebahra millat boshqa millatlarga paymol boʻlur”.
Maʼrifatning ikki qanoti bor
Behbudiyning fikricha, zamon va dunyo voqealaridan xabardorlik, millat, Vatan va xalqning kundalik hayotidan ogoh boʻlish maʼrifat, ziyo, ilmga bevosita bogʻliq. Maʼrifatning ikki qanoti bor:biri –maorif, ikkinchisi – teatr. 1899-1900-yillarda Behbudiy Kavkaz, Istanbul, Qohira orqali haj safariga boradi. Ziyorat, dunyo koʻrish istagi izsiz ketmaydi. Safar davomida yangi maktab barpo etish, oʻqitish tizimini isloh qilish, madrasa tahsiliga dunyo ilmi asoslarini omuxta etish gʻoyasini mustahkamlaydi. Uning tashabbusi va saʼy-harakati bilan
1903-yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi va Rajabamin qishloqlarida yangi maktablar tashkil topadi. Ayni shu yangi usuldagi maktablar uchun “Risolai asbobi savod”, “Risolai jugʻrofiya umroniy”, “Risolai jugʻrofiya Rusiy”, “Kitobat ul-atfol”, (“Bolalar uchun kitob”), “Muxtasari tarixi islom”, “Amaliyoti islom” darsliklarini yozadi. Behbudiy 1903-1906-yillarda Moskva, Peterburg, Qozon, Ufa, Nijniy Novgorod, 1914-yilda Qrim, Tatariston, Bayrut, Avstriya, Berlin, Rostov, Odessa, Port Said, Shomga safar uyushtirib, bu shahar va mamlakatlarning jugʻrofiy joylashuvidan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishigacha boʻlgan jarayonlarni tahlil etib, oʻzi tashkil etgan “Oyna” jurnalida “Sayohat xotiralari” ruknida chop qiladi.
Behbudiy “Oyna” jurnalining 31-sonida millat uchun qaboxatni ham, malohatni ham koʻrsata oladigan oyna kerak, deb taʼkidlagan edi. Bu oyna – teatr. Jaholat va nodonlik, turgʻunlik va tutqunlik, ilmsizlik, gʻaflat va loqaydlik illatlariga qarshi qaratilgan “Padarkush” fojiasi oʻzbek dramaturgiyasining ilk namunasidir.
Abdulla Avloniy 1914-yilda oʻzining “Turon” gruppasi bilan Kolizey (hozirgi birja savdosi binosi)da “Padarkush”ni sahnalashtirib, bosh rolni oʻzi ijro etgandi. 1916-yilda Toshkentga kelib mazkur asarni tomosha qilgan rus olimi A.Samoylovich bir maqolasida quyidagi haqiqatni qayd etadi: “Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu adabiyotning markazi – Samarqand. Yosh qalamkashlarning bosh ilhomchisi samarqandlik mufti Mahmudxoʻja Behbudiydir”.
Behbudiy 1913-yilda matbuot ishlari bilan shugʻullanib, turkiy va forsiy tilda haftada 2-marta, 4 sahifada “Samarqand” gazetasini, avgust oyidan esa har oʻn besh kunda chop etiladigan “Oyna” jurnalini tashkil etadi. Jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron, Afgʻoniston, Hindiston va Turkiyaga tarqalgan edi. “Nashriyoti Behbudiya” xususiy nashriyotida oʻsha davrning ilgʻor maʼrifatparvarlarining asarlari chop etilgan.
Behbudiyning millat va Vatan, milliy uygʻonish va tarixni anglash, ilm olish va farzandlarga yaxshi tarbiya berish haqidagi qarashlari jamlangan 20 dan ortiq maqolasi “Oyna”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Tujjor”, “Hurriyat”, “Turon”, “Sadoi Turkiston”, “Tarjimon” kabi nashrlarda chop etilgan.
Millat ozod boʻlib oʻzining mustaqil davlatini oʻrnatmaguncha ijtimoiy adolatni tiklab boʻlmaydi. Bu ulugʻ maʼrifatparvarning mavjud tuzum borasidagi xulosasi murosa yoʻli bilan maʼrifat, ilm orqali haq-huquqni talab qilib olish va milliy xususiyatlarni tiklash gʻoyasi bilan mustahkam yoʻgʻrilgan edi.
U hamisha xalq bilan birga boʻlib millatni oʻzaro nizolardan voz kechishga, buyuk maqsad yoʻlida birlashishga, ittifoq boʻlishga chaqiradi. Ayni shu gʻoya uning 1919-yil 25-martda Shahrisabzda qoʻlga olinib, Qarshida qatl etilishiga sabab boʻladi.
Jismoniy va maʼnaviy tarbiya uygʻunligi
Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodini oʻrganish, talaba-yoshlarga uning asarlari mohiyatini targʻib-tashviq etishda eng muhim jihatga eʼtibor qaratildi, yaʼni Behbudiy ijtimoiy-maʼnaviy hayotdagi yangilanishlar, xalqni milliy birlik, mustaqillik, maʼrifat va adolat bayrogʻi asosida birlashtirish taraqqiyparvar yoshlarga bevosita bogʻliq deb hisoblaydi. Shunga muvofiq buyuk maʼrifatparvar ijodiyotini oʻrganish maxsus dastur asosida uch bosqichda tashkil etildi. Avvalo, Behbudiy ijodiyotini tadqiq qilgan olimlar koʻmagida mutaxassislar, universitet professor-oʻqituvchilari, iqtidorli yoshlardan iborat targʻibot guruhi shakllantirilib, adib asarlari boʻyicha oʻquv-uslubiy tarqatma materiallar (buklet, slayd, video rolik, banner, uslubiy tavsiyalar) tayyorlana boshlandi.
Targʻibotning ikkinchi bosqichida respublikamizdagi mavjud 15 ta olimpiya zaxiralari maktab-internati, milliy terma jamoalari va universitet hududidagi mahallalarda “Behbudiy – vatanparvarlik va millatni sevish timsoli” ruknida darslar, adabiy-badiiy kechalar, Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri bilan hamkorlikda universitetning “Mezon” talabalar teatr-studiyasida Behbudiy asarlarini sahnalashtirish, Prezidentimizning besh tashabbusi doirasida “Kitobxonlik saodati” tanlovi, “Yosh maʼrifatparvarlar”, “Mahmudxoʻja Behbudiy” adabiy-badiiy toʻgaraklari faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Behbudiy ijodining ilmiy ahamiyatini targʻib etishga qaratilgan uchinchi bosqichda mutafakkir tugʻilgan Samarqand va qatl etilgan Qarshidagi oliy taʼlim muassasalari – Samarqand davlat universiteti hamda Qarshi davlat universiteti bilan hamkorlikda “Mahmudxoʻja Behbudiy milliy va maʼnaviy uygʻonish asoschisi” mavzuda milliy-amaliy anjuman tashkil etiladi. Oʻzbekiston – Belarus qoʻshma dasturiga muvofiq oʻzaro talabalar almashinuvi loyihasi doirasida Mahmudxoʻja Behbudiy va Yakub Kolas hayoti va ijodiga bagʻishlangan onlayn konferensiya hamda “Eng yaxshi taqdimot” nominatsiyasi gʻoliblarining “Mahmudxoʻja Behbudiy va Yakub Kolas yurtiga sayohati” tashkil etiladi. Shu bilan birga, Mahmudxoʻja Behbudiy ijodini tadqiq qilgan oʻzbek olimlari – Naim Karimov, Halim Sayyid, Normurod Avazov, Zaynobiddin Abdurashidov ishtirokida mamlakatimizda tashkil etilgan ijod maktablari, sport taʼlimi muassasalari oʻquvchilari bilan ijodiy muloqotlar oʻtkaziladi.
Xoʻsh, ulugʻ ustoz maʼrifatidan, uning hayot maktabidan sportchi-yoshlarimiz, talabalarimiz qanday saboq olishi kerak?
Avvalo, Behbudiyning taʼlim olish, til oʻrganish va maʼrifat orqali dunyoga chiqish gʻoyasi nihoyatda qadrli. U asarlarida iqtidorli yoshlarni tanlab, xorijda oʻqitish taklifini ham bildiradi. Shukronalik hissi bilan shuni taʼkidlash kerakki, bugungi kunda yoshlarimiz jadid bobolarimiz orzu qilgan zamonda yashayapti, dunyoni koʻrayapti. Sportchi-talabalar ham bugun Vatanimiz bayrogʻini yuksaklarga koʻtarmoqda. Biz Behbudiy ijodiy merosi, uning asarlari magʻzidagi gʻoyalarni, adib shaxsidagi shijoat, matonat, oʻziga boʻlgan ishonch va qatʼiyatni, yakdillik va ahillikni har bir sportchi qalbiga singdirsak, ularning kuchiga yana-da quvvat qoʻshgan boʻlamiz.
M.BOLTABOYEV,
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va
sport universiteti rektori, professor.