Uyda taʼlim oluvchi bolalar huzurida
Farzandini oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazish xalqimizning ezgu fazilatlaridan.
Farzandini oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazish xalqimizning ezgu fazilatlaridan. Mamlakatimizda bu tamoyil davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan boʻlib, yosh avlod kamolotiga muhim eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Bolajon xalqmiz. Farzandlarimizdan bor mehr-muhabbatimizni ayamaymiz. Ularning yutuqlaridan quvonamiz, gʻururlanamiz. Ularning kamolini koʻrganda, dunyoda bizdan koʻra baxtli kishini uchratish qiyin.
Har yili 1-iyun– xalqaro bolalarni himoya qilish kuni shodu xurramlikda, bolajonlar quvonchlariga toʻla oʻtardi. Koronavirus tufayli joriy yilda bayram nishonlamayotgan boʻlsada, bolalar doimo mehrni his etib yashamoqda.
Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida xayrli ishga qoʻl urildi. Tuman hokimligi, prokuraturasi, tibbiyot birlashmasi va xalq taʼlimi boʻlimi hamkorligida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida 60 nafar uyda yakka tartibda taʼlim oluvchi bolalar hamda ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarning farzandlaridan xabar olindi. Oʻquvchilarga zarurdori-darmonlar, oziq-ovqat mahsulotlari, turli oʻquv-qurollari, bolalarga oid badiiy adabiyotlar berildi.Tibbiyot xodimlari tomonidan oʻquvchilar birlamchi tibbiy koʻrikdan ham oʻtkazildi.Shu kuni bolajonlarning yashash xonadonlari tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari tomonidan dezinfeksiya qilindi.
– Farzandlarimizning barkamol voyaga yetishi uchun sharoit yaratish, ayniqsa, mehr-muruvvatga muhtoj bolalar davlatimizning doimiy eʼtiborida, – deydi tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri N. Nishonova. – Ularning bilim olishlari, hech narsaga zoriqmay ulgʻayishlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Xayrli ish bois bugun ularning quvonchi yana-da cheksiz. Ota-onalari ham oʻzlarining samimiy dil izhorlarini bildirishdi.