Uychi tumani eksport rejasi bajarilmadi
Respublikamizning barcha hududlarida Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari sessiyalari bo‘lib o‘tmoqda. Unda hokimlar xalqqa murojaat bilan chiqib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tahlili, kelgusida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha hisobot bermoqda.
Xalq deputatlari Namangan viloyati Uychi tumani Kengashi sessiyada tuman hokimi Muhammadayubxo‘ja Apaqov ayni masalalar yuzasidan xalq vakillariga hisobot berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan davrda iqtisodiyot tarmoqlari, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari uzluksiz ishlashini ta’minlash, faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan korxonalar faoliyatini to‘liq tiklash, byudjetga tushumlar miqdorini ko‘paytirish va bu orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 670,9 milliard, xalq iste’moli mollari 283,2 milliard, qurilish ishlari 419,4 milliard, chakana savdo aylanmasi 429,9 milliard va xizmatlar hajmi 401 milliard so‘mni tashkil qilib, barcha ko‘rsatkichlarda o‘sishga erishilgan.
Pandemiya munosabati bilan tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan 1 ming 682 ta korxonaning 648 tasi faoliyatini vaqtincha to‘xtatib, 321 tasi 15 foiz kam quvvatda ishlay boshlagandi. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida 11 ta korxonaga 406 million so‘mlik imtiyoz va preferensiyalar berildi. Natijada ushbu korxonalar faoliyati tiklandi.
Tumanda yangidan tashkil etilgan 491 ta kichik biznes sub’ekti hisobidan byudjetga jami 713 million so‘mdan ortiq miqdorda tushum tushirilib, qo‘shimcha 781 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha 29 ta kichik biznes sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, 520 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda umumiy qiymati 525,3 milliard so‘mlik 111 ta loyiha ishga tushirildi. Buning natijasida 1 ming 293 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
2020 yilda aholi tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar doirasida 3 ming 309 nafar fuqaro va tadbirkorga jami 78,7 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha 2,3 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratiladi. Joriy yilda 670 ta hunarmand “Hunarmandlar uyushmasi”ga a’zo bo‘lib, ularda 393 ta (usta-shogird asosida) ish o‘rni yaratildi.
Tumanning 2020 yil uchun eksport rejasi 31,8 million dollar qiymatda belgilangan. Ammo eksportyorlar tomonidan yanvar-dekabr oylarida reja 61,2 foiz, ya’ni 19 million 502 ming dollarga bajarildi.
2020 yil 1 yanvar holatiga aholining 82,3 foizi markazlashgan ichimlik suvi, qolgan 46 ming nafari alternativ manbalar orqali ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Tumanda 2 ta suv olish va saqlash inshooti mavjud bo‘lib, shundan “Namangan suv ta’minot” MCHJ Uychi tumani bo‘limi tasarrufida 6 ta ichimlik suv olish va saqlash inshooti bor. 2020 yilda 1 milliard 300 million so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan jami 26 kilometr yangi ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Natijada tuman aholisining 90,2 foizi ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlandi.
Pastguzar mahallasi hududida loyiha qiymati 14 milliard 800 million so‘mlik 4 ta 4 qavatli, jami 96 ta xonadonga mo‘ljallangan arzon turar-joy qurildi. Mazkur uylardan 29 tasi og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilaga, 2 tasi chin yetimga, 2 tasi Yoshlar ittifoqi vakillariga, 21 tasi mehnat migrantlariga topshirildi.
Tumandagi oilalarning yashash sharoiti to‘liq o‘rganib chiqilib, ehtiyojmand va yordamga muhtoj 2 ming 415 oila “Temir daftar”ga kiritildi.
Sessiyada deputatlar tomonidan bir qator masalalar, xususan, bir qator maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablarning holati qoniqarli emasligi, ichimlik suvi muammosi, ta’mirga muhtoj infratuzilma ob’ektlari, ichki yo‘llar holati yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Sessiyadan keyin jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA