Uy sharoitida karantin muddatini oʻtayotganlar qanday nazorat qilinmoqda?
Surxondaryo viloyatida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish yuzasidan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyatida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish yuzasidan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Kuchaytirilgan karantin tartiblari joriy etilgan shu kunlarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlab, aholining hayoti va sogʻligini muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratilayotir.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, sinovli kunlarda ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan chetdan kelib, uy sharoitida karantin davrini oʻtayotgan fuqarolarning turmush tarzi oʻrganilmoqda. Shuningdek, belgilangan tartib-qoidalarga qatiy amal qilish yuzasidan tegishli targʻibot ishlari olib borilayotir.
Qumqoʻrgʻon tumani ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Oʻ.Shukurov ham tumandagi mahallalarda boʻlib, uy sharoitida karantin muddatini oʻtayotgan fuqarolar xonadonini koʻzdan kechirdi. Ularning sohibu-sohibalariga kuzatuv davrida rioya etilishi lozim boʻlgan tartib-qoidalarni eslatdi. Karantinga olingan xonadonlarni tun-u kun uzluksiz qoʻriqlab, xizmatda turgan xodimlar bilan uchrashib, karantin qoidalariga qatiy amal qilinishini taʼminlash boʻyicha zarur tavsiyalarni berdi.
Olingan maʼlumotlarga koʻra, Surxondaryo viloyatida 519 fuqaro statsionar va 3 ming 893 fuqaro uy sharoitida karantin muddatini oʻtamoqda. Shu kungacha 14 kunlik tibbiy kuzatuv davrida kasallik alomatlari aniqlanmagan 7 ming 651 kishi karantindan chiqarilib, oilasi bagʻriga qaytgan.