Ustyurtdagi tosh botirlar haqida nimalarni bilasiz?
Moskvadagi davlat tarix muzeyida XII asrga tegishli bir nechta balbal toshlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan.
Moskvadagi davlat tarix muzeyida XII asrga tegishli bir nechta balbal toshlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Ushbu esdalik toshlar o‘tgan asrlarda Don daryosi bo‘yidan topilgan bo‘lib, ular asosan qipchoq askarlariga atab qurilgan.
Umuman turkiy dunyoda balbal toshlar vafot etgan nufuzli shaxslarning hurmatiga bag‘ishlangan. Bu kabi tosh haykallar Mongoliya sahrolaridan tortib, Yevropa hududlarigacha bo‘lgan hududlarda uchragan.
Balbal – qadimiy turkiy so‘z bo‘lib, “bal-bal”, ya’ni, “zarba bermoq”, “qoqmoq”, “urmoq” kabi ma’nolarni anglatadi. Turkiyshunos olimlar fikriga ko‘ra, balbal – “toshni tik qilib o‘rnatgan belgilar” degan ma’noni bildiradi. Turkiy qavmlarning tarix sahnasiga chiqqanidan keyin qadimgi turkiy urf-odat, an’analarga ko‘ra, balballarning aksariyati hoqon, tegin, torxon, chor, tudun, biy, bek kabi el boshchilarining, botirlarning, oqsuyak odamlarning hurmatiga maxsus ishlangan.
Shu balballar orqali motam tutilgan, marhumning ruhi hurmatiga osh berilgan yoki ruhiga bag‘ishlab “yo‘qlash” kabi udumlar bajarilgan. Marhumning ruhini shod qilishga, ya’ni osh berish marosimiga qatnashganlar o‘zlari yashayotgan makonidan balbal toshlarni olib kelgan va an’anaga muvofiq, marhumning dafn etilgan joyida oraliq masofasini birdek qilib qatorlashtirib qadab o‘rnatgan. Ushbu esdalik majmuasini yaratishga ishtirok etganlar o‘zlarining qavmi, urug‘-toifasi tamg‘alarini yoki qadimgi turkiy bitik yozuvi bilan ismlarini, lavozim, unvonlarini yozgan. Bu qadimgi turkiy qavmlarning o‘ziga xos yo‘qlash marosimidan darak beradi.
Balbal toshlarning eng qadimiy namunalari esa Ustyurtdan topilgan. Ayni paytda O‘zFA Qoraqalpog‘iston bo‘limi qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining arxeologiya muzeyida shunday haykallar saqlanmoqda.
1983 yilda Ustyurtning g‘arb tomonida tadqiqot ishlarini olib borgan sobiq SSSR Geologiya vazirligining birinchi kosmoaerogeologik ekspeditsiyasining ishtirokchilari Qozog‘iston Respublikasi Mang‘ishloq tumani hududidagi Say-Utes poselkasidan qariyb 50 kilometr masofada ko‘p sonli erkak-harbiylarning haykallarini topadi. Ushbu topilmalar ekspeditsiya a’zolarini hayratga soladi, chunki kichik maydonda 70 ga yaqin shunday tosh haykallar joylashgan edi. Sobiq SSSR Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining Volga-Ural arxeologik ekspeditsiyasi rahbari L.Galkin ushbu haykallarni miloddan avvalgi IV-III asrlarga, ya’ni massagetlar davriga oid ekanligini isbotladi. Bu balbal toshlarning eng qadimiy namunalari edi.
Ekspeditsiya a’zolari avvalida ibodatxonalar topdik deb o‘ylagan, lekin bu fikrlar faqat Bayte-III deb nomlanuvchi qal’ada ikkita qurbonlik keltiruvchi toshdan ishlangan stol topilgandan keyingina tasdiqlandi.
U haqida L.Galkin shunday yozadi:
“Ular biri-biridan 15 metr masofada joylashgan edi. Deyarli to‘g‘ri burchakli katta stolning uzunligi 1 metrdan uzunroq, to‘rt konus shaklidagi tuyoqdagi kichik stol esa bir metrdan kichikroq edi. Shu joydan yana toshdan ishlangan tovoq ham topildi (uning diametri 80 santimetr). Odatda bunday narsalar faqat ibodatxonadan topiladi. Toshdan ishlangan stollarda hayvonlarni qurbonlikka chaladi”.
Mazkur hududdan topilgan boshqa esdaliklarda qilichlarning, kamonlarning, pichoqlarning rasmlari aniq ko‘rinar edi.
Ustyurtda topilgan deyarli barcha antropomorflik toshdan ishlangan haykallar chap qo‘li yig‘ilib ichiga bosilib turgan, o‘ng qo‘li esa pastga tushirilib soniga bosilib turgan erkak kishining siymosini gavdalantiradi. Haykallar ko‘proq mongoloidlarga o‘xshaydi.
Ustyurtdagi ushbu tosh haykallar aslida massagetlar botirlaridir.
Olimlarning fikriga ko‘ra, bu bir-biriga o‘xshash tosh haykallar keng omma tomonidan hurmatga ega vafot etgan qavmdoshi esdaligiga qurilgan. Qadimiy ko‘chmanchi qavmlar an’anaga ko‘ra ota-bobolarining ruhiga sig‘ingan. Ularga vafotidan keyin haykal o‘rnatsa ruhi shunga joylashadi deb ishongan. Haykallar xudoga tenglashtirilgan. Bu kabi e’tiqodlar massagetlarning yunon-makedoniyalilar bilan kurashi davrida ruhiy madad bergan.
Shuning uchun xudoga tenglashtirilgan bu haykal toshlar qoshida ularga bag‘ishlab qurbonlik keltirilgan. Tosh stollar shu vazifani bajargan.
Miloddan avvalgi IV-III asrlarda hukmronlik qilgan Ahamaniylar davlati tarkibiga Yaqin Sharq va O‘rta Osiyoning ko‘plab davlatlari kirgan (Parfiya, Marg‘iyona, Baqtriya, So‘g‘diyona va h.). Bir qarashda bu hududlarga ko‘p sonli askarlarning, xususan fors otliq askarlarining kirishiga hech kim qarshilik ko‘rsata olmasdek edi. Lekin, Ustyurt tekisligida ilohiy maskanlari topilgan massagetlar bu ishni uddalagan. Tarixdan ma’lumki, Ahamoniylar davlatining asoschisi Kir podshoh massagetlarning yerlariga kirishga intilgan vaqtda o‘lgan.
Butun dunyoni bosib olmoqchi bo‘lgan Iskandar Zulqarnayn ham massaget qavmining jangovar askarlarining qattiq qarshiligiga duch keladi.
Massaget va sarmat qavmlarining bir qismi yunon-makedoniyaliklarga bo‘ysinmay shimolga qarab ketgani ma’lum. Ular asosan Ustyurt tekisligini dushmanlarning piyoda askarlari va otliq otryadlari yaqinlasha olmaydigan o‘zlarining harbiy maydoni hamda front orqasiga aylantirgan bo‘lishi mumkin.