“Ustozlikda topdim qadrimni“
Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan “Oʻzbekkino“ milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan hujjatli filmlar taqdimoti oʻtkazildi.
Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan “Oʻzbekkino“ milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan hujjatli filmlar taqdimoti oʻtkazildi.
Sharafli kasb egalari – oʻqituvchilar faoliyati, ularning hayoti va turmushi, pedagogika sohasidagi oʻsish-oʻzgarishlar, ijobiy siljishlarni oʻzida qamrab olgan, Murodjon Odilov rejissyorligida suratga olingan “Ustozlikda topdim qadrimni“ hujjatli filmi jamiyatimizda oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish hamda oʻsib kelayotgan yosh avlod orasida mazkur kasbga qiziqishni yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 23-avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida eʼtibor qaratilgan masalalarga alohida urgʻu berilgan.
Film qahramonlari yurtimizning turli hududlaridan tanlab olingan boʻlib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, Qashqadaryo va Buxoroda sharafli kasb bilan shugʻullanayotgan “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi“ koʻrik-tanlovi gʻoliblaridir. Ushbu fidoyi ustozlar hayoti va faoliyati misolida maktab davri, oʻqituvchilik kasbi, muallimlarga berilgan qirq besh daqiqaning qadrini ochib berish maqsad qilingan. Soʻngi yillarda oʻqituvchilar nufuzini oshirish, ularga qilinayotgan gʻamxoʻrlik va yaratilayotgan shart-sharoitlar, eʼtiborga molik imtiyozlar, oylik-maoshlar, ijtimoiy ragʻbatlar koʻrsatib berilgan.
Jumladan, filmdagi buxorolik oʻqituvchi Bekzod Bekovning oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirish uchun kun-u tun tayyorgarlik koʻrgani, bitta umumiy daftarni toʻldirmaguncha misol va masalalarni toʻxtamay yozgani tomoshabin, ayniqsa, yosh avlod uchun ibrat boʻla oladi. Keyinchalik ayrim sabablarga koʻra uning bu kasbni tashlab ketishi, ogʻir hayot kechirishi, nihoyat ustozining daldasi hamda talabi bilan maktabga qaytishi taʼsirchan hikoya qilingan.
Anvar Namozov hamda Murodjon Odilov ssenariysi asosidagi ushbu hujjatli filmdan soʻng “Samarqand – qadimiy sharq durdonasi“ hujjatli filmining ham taqdimoti oʻtkazildi.
Samarqand azal-azaldan “Sharq gavhari“, deya eʼtirof etib kelinadi. Filmda Samarqandning qadimiy tarixi hamda soʻnggi yillarda shaharda boʻlayotgan oʻzgarishlar, yangi qurilgan obyektlar, turizm sohasida erishilayotgan yutuqlar borasida soʻz yuritiladi.
Film Prezidentimizning 2018-yil 16-martdagi Samarqand viloyati va Samarqand shahrining turizm salohiyatini 2018-2019-yillarda yanada rivojlantirish, obroʻyini butun jahonga koʻtarish maqsadida qabul qilingan qaroriga muvofiq rejissyor Jasur Isʼhoqov tomonidan suratga olingan.