Ustozlik – yuksak martaba degani!
Ta’lim – millat kelajagi. Ustoz esa ana shu kelajakni bunyod etadigan, yosh avlodga bilim va tarbiya berish bilan birga, uning qalbida ezgulik, Vatanga muhabbat va ezgu maqsadlarga ishonch uyg‘otadigan buyuk kasb egasidir.
Bugun mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish, uni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy salohiyati va jamiyatdagi nufuzini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, yangilikka intiluvchan, o‘z kasbiga sadoqatli pedagoglarning o‘rni beqiyos.
Ana shunday izlanuvchan va fidoyi ustozlardan biri Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 16-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Sarvinoz Shomurodovadir.
Sarvinoz Shomurodova 2016-2020-yillarda Navoiy davlat pedagogika instituti (hozirgi Navoiy davlat universiteti)ning “Boshlang‘ich ta’lim va sport-tarbiyaviy ish” yo‘nalishida tahsil olib, oliy ma’lumotga ega bo‘ldi. 2020-yildan buyon mazkur ta’lim muassasasida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Boshlang‘ich ta’lim bolaning bilim olamiga qadam qo‘yadigan, uning dunyoqarashi, tafakkuri va shaxsiy fazilatlari shakllanadigan muhim bosqich. Shu bois boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining zimmasidagi mas’uliyat nihoyatda katta. Sarvinoz Shomurodova bu mas’uliyatni chuqur anglagan holda, har bir o‘quvchiga alohida yondashish, uning qobiliyatini yuzaga chiqarish, mustaqil fikrlashini qo‘llab-quvvatlash va bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga intilib kelmoqda.
Bugungi ta’lim jarayoni kechagidan tubdan farq qiladi. Axborot texnologiyalari, interaktiv usullar va innovatsion pedagogik yondashuvlar maktab hayotining ajralmas qismiga aylanmoqda. Zamonaviy o‘qituvchi esa doimo izlanishi, o‘z bilimini yangilab borishi va ta’lim jarayoniga yangicha yondashuvlarni tatbiq etishi zarur. Sarvinoz Shomurodova ham o‘z pedagogik faoliyatida zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan samarali foydalanishga, darslarni qiziqarli va mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratadi. Uning pedagogik faoliyatida o‘quvchini tayyor bilimni qabul qiluvchi emas, balki bilimni izlab topuvchi, mustaqil fikrlovchi va o‘z qobiliyatini namoyon eta oladigan shaxs sifatida shakllantirish muhim o‘rin tutadi.
Sarvinoz Shomurodova pedagogik faoliyati davomida o‘z ustida muntazam ishlab, kasbiy bilim va mahoratini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Uning mehnati va izlanishlari natijasida 2025-yil avgust-dekabr oylarida o‘tkazilgan attestatsiya jarayonida 94 ball natija qayd etilib, oliy malaka toifasi qayta qo‘lga kiritildi hamda 70 foizlik ustama olish huquqiga ega bo‘ldi. Shuningdek, ona tili fanidan B+ darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog 2026-2027 o‘quv yilida malakali pedagoglar uchun belgilangan Vazir ustamasini olish huquqini ham qo‘lga kiritdi.
[gallery-31581]
Yaqinda esa Sarvinoz Shomurodova ilk bor o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘ldi.
Sarvinoz Shomurodova uchun o‘qituvchilik shunchaki kasb emas. U bu kasbni yosh avlod kelajagini bunyod etishga xizmat qiladigan ulug‘ va mas’uliyatli vazifa sifatida qabul qiladi. Uning pedagogik qarashlarida har bir bola alohida shaxs, har bir o‘quvchida esa kashf etilishini kutayotgan ulkan imkoniyat bor.
Bugun esa Sarvinoz yosh bo‘lishiga qaramasdan o‘quvchilarning sevimli ustoziga aylangan. Ustozlik esa yuksak martaba.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari