Ustozlarga ehtirom
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida Navoiy davlat universiteti tomonidan 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda universitetning 800 nafardan ziyod professor-o‘qituvchilari, ishchi-xizmatchilari, faxriylari, viloyat hokimligi mutasaddilari hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, universitet rektori Muhiddin Kalonov ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, yurtimizda ta’lim va ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning jamiyat taraqqiyoti va yosh avlod kamolotiga qo‘shayotgan munosib hissasi haqida to‘xtaldi.
– Bugun zamonaviy bilimlarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar kamolida ustozlarning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz va bu ulug‘ xizmati uchun ularni qadrlaymiz, – deydi M.Kalonov. – Yurtimizning keyingi taraqqiyoti aynan ta’lim tizimiga, xususan, oliy ta’lim muassasalari yetishtirayotgan kadrlar sifatiga bog‘liq. So‘nggi yillarda bu borada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi va davom etmoqda. Yangidan-yangi oliy ta’lim muassasalari faoliyat boshladi, ta’lim sifati o‘zgardi. Bir vaqtlar o‘qituvchining yo‘qotilgan qadr-qimmati va hurmati tiklandi. Har jabhada ta’lim va ta’limning yuragi bo‘lgan ustoz va murabbiylarga yangi imkoniyatlar va imtiyozlar eshigi ochilmoqda. Ulardan talab qilinadigani faqat zimmasidagi burchni sharaf bilan o‘tash va “Ustoz” atalmish tabarruk nomga munosib bo‘lishdir.

Tadbir doirasida ta’lim sifatini oshirish, yoshlarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, universitet rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilar va ishchi-xizmatchilarga rektorning tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, “Rektor kubogi” sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilar diplom hamda vaucherlar bilan taqdirlandi.





Bayram tadbiri konsert dasturi bilan davom etdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri