Ustoz va shogird uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi raisi, taniqli huquqshunos Ubaydulla Mingboyev bilan ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda maktab rahbariyati, professor o‘qituvchilar va Sudyalar oliy maktabining sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursining 2024-2025 o‘quv yili tinglovchilari ishtirok etdi.
Samimiy tarzda o‘tgan ma’rifiy uchrashuvda huquqshunoslik sohasida uzoq yillik tajribaga ega Ubaydulla Mingboyev bo‘lajak sudyalarga hayotiy tajribasini, boshidan o‘tkazgan, umr yo‘lida saboq bo‘lgan voqealarni so‘zlab berdi.
Jumladan, bolalik davrlaridagi qiyinchiliklar, urush yillari azoblari hali-hanuz yodidan ko‘tarilmaganini, yeyishga bir burda non u yoqda tursin, qotgan kunjara topilmagan paytlar bo‘lganini aytib berdi. Ustoz bugungi kundagi farovonlik, to‘qchilikni hech narsaga almashtirib bo‘lmasligini, faqat uning qadriga yetish lozimligini uqtirdi.
Ayniqsa, sudyalik faoliyati, odob-axloqi, yurish turishi-yu turmush tarzi haqidagi fikrlari barchaga manzur bo‘ldi. Ubaydulla Mingboyevning ta’kidlashicha, bugungi kun sudyasi har tomonlama atrofidagilarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Buning uchun sudya birinchi navbatda jamiyatda o‘zini tuta bilishi va o‘z nafsiga egalik qila olishi kerak. Boisi, uni bilganlar, taniganlar undan andoza oladi va unga qarab butun bir tizimga baho beradi. Sudya avvalo qonunga, odob-axloq me’yorlariga qattiq rioya etishi lozim.
— Sudyaning ishi qiyin, mashaqqatli. Har qadamda qaysidir ma’noda bosimga ko‘p duch keladi. Ana shunday paytda o‘zini qo‘lga olib, aql-idrok va qonunga amal qilgan sudyagina haqiqiy sudyadir, — dedi ustoz. — Onda-sonda bo‘lsa-da noxush xabarlarni eshitib, xijolat tortaman. Shu sohaning oqsoqollaridan biri sifatida sud hokimiyati tizimida bunday noxush holatlar bo‘lmasligi kerak.
Umrini odil sudlovni ta’minlashga baxshida etgan, yuzlab shogirdlarga ustozlik qilgan va butun sud tizimi vakillari oqsoqoli Ubaydulla Mingboyevning har bir gapi yig‘ilganlar uchun katta ibrat maktabi bo‘ldi.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA