Ustoz rassom xotirasiga bag‘ishlandi
Mamlakatimizda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan atoqli musavvir Rahim Ahmedov tavalludiga bag‘ishlangan xotira tadbirlari boshlandi. Rahim Ahmedov hayot bo‘lganida 100 yoshga to‘lgan bo‘lar edi.
San’atshunoslar fikricha, R.Ahmedov asarlari chukur psixologik ifodaliligi bilan ajralib turadi. Ularda ichki kechinmalar, his-tuyg‘ular mohirona ifodalangan. Ustoz rassom ijodini asosan portretlar chizish bilan boshlagan edi. «Qahramon ona», «Cho‘pon», «Student qiz portreti» va boshqa asarlari shular jumlasidandir.
Rassom yaratgan portretlar «Ona o‘ylari», «Keksa kolxozchi portreti», «O‘zbek qizi portreti», «Qashqadaryolik ayol», «Mehnatda ham soldat», «Surxondaryolik ayol», «Muqimiy», «Nigora», «O‘rol Tansiqboyev», «Lola portreti», «Nabi Rahimov», «Shuhrat Abbosov» kabi asarlari o‘zbek tasviriy san’atida portret janrining rivojiga katta hissa qo‘shdi.
[gallery-4539]
Yurtimiz manzaralari aks ettirilgan kartinalari natyurmort asarlari esa uning ijodida alohida yo‘nalish sanaladi. Ustoz rassomning turli kasb egalari bo‘lgan ayollar obrazlari ham jozibalidir. Rahim Ahmedovning asarlari O‘zbekiston san’at muzeyi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi, Sharq xalqlari san’ati muzeyi va boshqa muzey va galereyalarda saqlanadi. Asarlari 1948 yildan respublika va xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish etiladi. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan edi.
O‘zbekiston xalq rassomi, professor, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Rahim Ahmedov yashab, ijod qilgan xonadonda rassomga o‘rnatilgan xotira lavhasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yurtimiz bo‘ylab rassom ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar, ma’rifiy tadbirlar keng ko‘lamda bo‘lib o‘tmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA