Ustoz – kelajak bunyodkori
FOTOREPORTAJ
Jamiyat taraqqiyoti, avvalo, ta’lim va tarbiya, ilm-fan hamda yosh avlodning qanday bilim va ko‘nikmalar bilan voyaga yetishiga bog‘liq. Shu ma’noda, o‘qituvchilik kasbi yoshlarga bilim berish bilan birga, ularning dunyoqarashi va hayot yo‘lini shakllantirishdek yuksak mas’uliyatni ham zimmasiga oladi.
[gallery-31717]
Mamlakatimizda ta’lim tizimini takomillashtirish, pedagoglarning kasbiy va ilmiy salohiyatini yuksaltirish, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Namangan davlat pedagogika institutida ham bu borada muayyan natijalarga erishilmoqda. Ayni paytda dargohda 3 ta fakultet, 1 ta oliy maktab, 10 ta kafedra va 7 ta markaz faoliyat yuritib, 500 nafardan ortiq pedagog-xodim mehnat qilmoqda.
Ularning asosiy vazifasi talabalarga zamonaviy bilim berish bilan bir qatorda, mustaqil fikrlaydigan, izlanuvchan, yuksak ma’naviyatli va jamiyatda o‘z o‘rnini topa oladigan mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.
Zamonaviy ta’limni xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois institutda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2025/2026 o‘quv yilidan institutning o‘quv jarayoniga 33 nafar xorijiy professor-o‘qituvchi va mutaxassis jalb etildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislaridan 63 nafari xorijiy xizmat safarlariga yuborildi. Ular Malayziya, Turkiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Xitoy, Chexiya, Qirg‘iziston, Germaniya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Kipr va Hindistonda malaka oshirish, stajirovka o‘tash, xalqaro anjuman va seminarlarda ishtirok etish hamda tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldi.
Ta’lim sifati ko‘p jihatdan pedagogning ilmiy va kasbiy salohiyatiga bog‘liq. Zamonaviy o‘qituvchi o‘z fani bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lish bilan birga, muntazam izlanishi, ilmiy tadqiqotlar olib borishi va kasbiy mahoratini oshirib borishi zarur.
Institut Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Saidakbar Mutalov faoliyati bu boradagi izlanishlarga misol bo‘la oladi.
Saidakbar Mutalov 2024-yilda “Talabalarda liderlik qobiliyatini rivojlantirishning metodologik-uslubiy asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Joriy yilda esa “Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi” ixtisosligi bo‘yicha dotsent ilmiy unvonini oldi.
Uning ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 1 ta darslik, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta monografiya hamda xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy jurnallarda 50 ga yaqin maqolasi chop etilgan.
Ayni paytda S. Mutalov rahbarlik qilayotgan Ijtimoiy fanlar fakultetida 4 ta kafedra va 2 ta markaz o‘quv, ilmiy-innovatsion, ma’naviy-ma’rifiy hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida faoliyat yuritmoqda. Fakultetda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida 3 ming 700 nafardan ortiq talaba tahsil oladi.
Ustozning mehnati samarasi esa, avvalo, uning shogirdlari erishgan natijalarda namoyon bo‘ladi. Bugun Namangan davlat pedagogika institutida ta’lim olayotgan minglab yoshlar zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarni egallab, kelajakda turli sohalarda faoliyat yuritishga tayyorlanmoqda.
Zero, ustoz mehnati — bugunning emas, ertangi kunning poydevorini yaratishga qaratilgan sharafli va mas’uliyatli mehnatdir.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA