Usta-hunarmand bilan ijodiy uchrashuv
Poytaxtimizda Shahrisabz kulolchilar sulolasining yettinchi avlod vakili, usta-hunarmand Rustam Muzaffarov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ko‘p asrlik an’analarning davomchisi bo‘lgan mohir kulol usta o‘z bilim va mahoratini ulashib, tinglovchilarni Shahrisabz kulolchiligining betakror namunalari bilan tanishtirdi. Ma’ruza davomida nafaqat kulolchilik san’atining nozik sirlari, balki mashhur kulol ustalar sulolasining boy tarixi haqida ham so‘z yuritildi.


Uchrashuvda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari faol ishtirok etdi. Ular usta bilan jonli muloqot qilib, kulolchilikni ta’lim tizimiga joriy etish imkoniyatlari haqida zarur ma’lumotlarni olishdi.
Bu kabi ijodiy uchrashuvlar milliy hunarmandchilik an’analarini avaylash va kelajak avlodga yetkazishning muhim bosqichi bo‘lib xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA