Urush va iqlim inqirozi eng qimmat ziravorga tahdid solmoqda
Dunyodagi eng qimmat ziravor – za’faron geosiyosat, iqlim o‘zgarishi va an’anaviy ta’minot zanjiri uzilishi bilan bog‘liq “kuchli bo‘ron” markazida qoldi.
“Foreign Policy” nashri yozishicha, Yaqin Sharqdagi inqiroz va Eron atrofidagi beqarorlik allaqachon ushbu “qizil oltin”, deya ta’riflanadigan ziravor savdosiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Ayni payt Kashmirdan Srinagargacha shu sohada band savdogar va fermerlar noaniq holatni boshdan kechirmoqda.
Masalan, Kashmirda savdogarlar sanoat keskinlashuviga guvoh bo‘lyapti. Yaqin Sharqdagi beqarorlik va Erondan eksport cheklovi tufayli mintaqa uchun asosiy xom ashyo hisoblangan Eron za’faroni yuklangan kemalar Dubayda qolib ketgan.

Dunyo bo‘yicha za’faron ishlab chiqarishning 90 foizi Eronga tegishli. Bu miqdor an’anaviy ravishda ichki talab taklifdan sezilarli darajada oshadigan Hindistondagi kamomadni qoplaydi. Afsuski, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali savdo uzilishi hamda Tehron eksporti kamayishi odatiy ta’minot yo‘lini buzdi. Qolaversa, Kashmirda hosil keskin kamayishi ham bozordagi bosimni kuchaytirmoqda. Ilgari yiliga 23 tonna xom ashyo yetishtirilar edi. Keyingi yillari bu ko‘rsatkich taxminan 19,5 tonnaga tushib ketdi. Ba’zi hududlarda fermerlar gullash deyarli kuzatilmayotganini aytgan.

So‘nggi payt iqlim o‘zgarishi, infratuzilma bilan bog‘liq muammo va geosiyosiy beqarorlik global tus olmoqda. Bu omillar asrlar davomida mintaqaning iqtisodiy va madaniy o‘ziga xosligini belgilab bergan sanoat tarmog‘i omon qolishiga tahdid soluvchi inqirozni keltirib chiqarmoqda. Ekspertlar bu holat shunchaki ziravor bozori masalasi emas, balki qayta tiklash imkoni batamom yo‘qoladigan noyob madaniy merosdan ajralish xavfi ham ekanini ta’kidlamoqda.
Za’faron dunyodagi eng qimmat xushbo‘y ziravor bo‘lib, o‘simlik gulini quritish yo‘li bilan olinadi.
S.Rahimov, O‘zA