Urug‘chilikda Xitoy bilan hamkorlik rivojlanmoqda
Poytaxtimizda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori Bunyod Mamarahimov Xitoy qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi ma’sul xodimlaridan iborat delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Dastlab, Bunyod Mamarahimov O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq yillik hamkorlik aloqalarini e’tirof etib, ayni vaqtda amaliy hamkorliklar mamlakatlarimiz ilm-fan va iqtisodiyotiga naf keltirayotganini ta’kidlab o‘tdi.


Uchrashuvda qayd etilganidek, o‘tgan yili davlatimiz rahbari qarori bilan respublikada jami paxta ekiladigan maydonning 10 foizida xorijiy g‘o‘za navlari ekilib, Shinjon agrotexnologiyasi asosida yetishtirildi. Yana 10 foiz maydonda mahalliy navlarimiz ham Shinjon uslubida ekilib, natijalar avvalgi yil bilan qiyosiy taqqoslandi.
Joriy yilda mahalliy g‘o‘za navlari hamda ko‘sak qurtiga chidamlilikni ta’minlovchi xorijiy g‘o‘za navlarining urug‘chiligini tashkil etish bo‘yicha Xitoy davlati bilan ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari bo‘yicha muzokara o‘tkazildi.


Shuningdek, uchrashuvda ko‘sak qurtiga chidamli o‘simlikka Bacillus thuringiensis (Bt) tuproq bakteriyasining genetik materialini o‘tkazish orqali erishiladigan natijalar, hasharot va zararkunandalarga toksik ta’sir ko‘rsatadigan, biroq sut emizuvchilar va maqsadli bo‘lmagan organizmlarga zararli ta’sir qilmaydigan oqsillarni qanday kodlashi xususida muhokamalar olib borildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA