Universitetlar o‘rtasida memorandum imzolandi
Navoiy davlat universiteti hamda Maksim Tanki nomidagi Belarus davlat pedagogika universiteti o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishilib, Memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat ta’lim, ilm-fan va pedagogika sohalarida hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

– 2026–2027 o‘quv yilidan boshlab Maktabgacha ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha 1+1 shaklida qo‘shma ta’lim dasturi asosida magistrlar tayyorlash bo‘yicha shartnoma imzolandi. Ushbu dastur doirasida talabalar ikki davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish va xalqaro ta’lim muhitida tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kelishuvlarga muvofiq, universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari ham kengaytiriladi. Xususan, filologik ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, inklyuziv ta’lim, menejment va sun’iy intellekt, shuningdek, mashinali o‘qitish sohalarida qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Kelgusi o‘quv yilidan mazkur yo‘nalishlarda 3+1 va 2+2 shakllarida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa talabalarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, xorijiy ta’lim tajribasidan foydalanish hamda xalqaro standartlar asosida bilim olish imkonini beradi, – deydi Navoiy davlat universiteti rektori Muhiddin Kalonov.
Hamkorlik doirasida akademik mobillik dasturlarini amalga oshirish, onlayn va oflayn ma’ruza mashg‘ulotlarini tashkil etish, talabalar uchun bepul yozgi maktablar o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar talabalarning dunyoqarashini kengaytirish, kasbiy salohiyatini oshirish va xalqaro tajriba almashinuvini kuchaytirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri