Universitetdagi islohotlar jurnalistlar nigohida
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Orolbo‘yidagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda mazkur oliy ta’lim muassasasida talaba-yoshlarga yaratilgan sharoitlar, ularni turar joy bilan ta’minlash va bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan ommaviy axborot vositalari vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi. Ushbu tadbirda ishtirok etgan jurnalistlar, oliy o‘quv yurtlari matbuot kotiblari yangi qurilayotgan va foydalanishga topshirilgan talabalar turar joylari, talabalarning dam olishi uchun yaratilgan infratuzilma bilan yaqindan tanishdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda davlat tomonidan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish, ularni sifatli ta’lim bilan birga, munosib yashash joylari bilan ta’minlash yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida bugungi kunda 17 ta fakultet, 53 ta kafedra, 82 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 27 ming nafardan ziyod talaba, 54 ta magistratura mutaxassisligida 823 nafar magistrant bor.
O‘quv yurtida faoliyat yuritayotgan jami 1 ming 72 nafar professor-o‘qituvchi soniga nisbatan ilmiy darajali o‘qituvchilar –453 nafar professor-o‘qituvchini, shu jumladan, fan doktorlari 52 nafarni, fan nomzodlari va falsafa doktorlari esa 401 nafarni tashkil etadi.

Universitetda 9 ta o‘quv binosi mavjud bo‘lib, ularda o‘quv xonalari, lingafon xonalari, o‘quv laboratoriyalari va kompyuter xonalari mavjud, ular zamonaviy ta’lim berish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan, universitetning barcha binolari internet tarmog‘iga ulangan va Wi-Fi qurilmalari bilan jihozlangan. Talabalarning ta’lim-tarbiyasi uchun bu yerda 2 ta yopiq bino, 3 ta ochiq sport maydoni, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan 9 ta talabalar turar joyi mavjud. Ushbu talabalar turar joylarida 2 ming 700 nafardan ortiq talaba istiqomat qilmoqda. O‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq va ingliz tillaridagi 600 mingdan ziyod badiiy va ilmiy adabiyotlarni o‘z ichiga olgan axborot-resurs markazi mavjud. Shuningdek, turli bayram tadbirlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan 400 kishilik madaniyat saroyi o‘z faoliyatini olib bormoqda.

2008 yildan boshlab Qoraqalpoq davlat universitetining “Vestnik” ilmiy jurnali chop etib kelinmoqda. Iqtidorli talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Navoiy, Beruniy, Ulug‘bek, Islom Karimov nomidagi davlat va Berdaq nomidagi universitet stipendiyalari tashkil etilgan, shuningdek, olimpiada tanlovlarida talabalar faol ishtirok etib, o‘z bilimlarini namoyish etmoqda. Bundan tashqari, oliy o‘quv yurti talabalari uchun turli fan va ma’rifat yo‘nalishlarida to‘garaklar va markazlar, talabalar teatr studiyasi, “Hurliman” xalq raqs ansambli faoliyat yuritmoqda. O‘quv yurti hududida “Akademiklar bog‘i” barpo etilgan.
Oliy ta’lim muassasasida yangi yotoqxonalar qurilmoqda, mavjudlari esa kapital ta’mirdan chiqarilib, talabalar uchun zamonaviy yashash sharoitlari yaratilmoqda.

Press-tur ishtirokchilariga universitet turar joylaridagi talaba-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun tashkil etilgan to‘garaklar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ushbu tadbir nafaqat oliy ta’lim tizimida amalga oshirilgan ishlarga baho berish, balki talaba-yoshlarning hayoti va ta’lim sifatidan jamoatchilikni xabardor qilishda muhim ahamiyatga egadir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri