Universitetda yangi o‘quv yili boshlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida 2026/2027-o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, ota-onalar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

Shundan so‘ng universitet rektori Berdiyar Jollibekov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yillik bayrami va yangi 2026-2027-o‘quv yilining boshlanishi bilan qutladi. Shuningdek, u Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetiga o‘qishga qabul qilinib, talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlar va ularning ota-onalarini samimiy tabriklab, yangi o‘quv yilida muvaffaqiyatlar tiladi.

Tantanali tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yurtimizda yoshlarning puxta bilim olishi, zamonaviy kasb va mutaxassisliklarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini alohida ta’kidladi. Notiqlar talaba-yoshlarni mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga, o‘z ustida muntazam ishlashga, chuqur bilim va ko‘nikmalarni egallashga chaqirib, kelgusida Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida fidokorona xizmat qilishlariga ishonch bildirdi va ularga ulkan zafarlar tiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri