“Unicon Soft’ da zamonaviy ilmiy-tadqiqot markazi ish boshladi
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida mamlakatimizda ilm-fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, inson kapitalini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda yuqori texnologik mahsulotlar yaratishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shu maqsadda “Unicon Soft” MCHJda zamonaviy ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yangi markaz ilm-fan yutuqlarini amaliyot bilan bog‘lash, yangi muhandislik yechimlarini ishlab chiqish va ularni tayyor mahsulotga aylantirish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy texnologik muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Unicon Soft” MCHJda tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida laboratoriyalarda yaratilgan sharoitlar, amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi loyihalar ko‘zdan kechirildi.
Markazda elektron qurilmalarni ishlab chiqish, muhandislik yechimlarini sinovdan o‘tkazish va prototiplashtirish uchun zarur infratuzilma yaratilgan. Jumladan, sakkiz qatlamgacha bo‘lgan bosma platalarni loyihalash va prototiplashtirish imkoniyati mavjud.

Bu esa murakkab elektron qurilmalar bo‘yicha yangi ishlanmalarni g‘oyadan tortib tayyor prototipgacha bo‘lgan bosqichlarda amalga oshirish imkonini beradi.
Markazning yana bir muhim yo‘nalishi — ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish. Shu maqsadda Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Turin politexnika universiteti talabalarining laboratoriyalarda amaliy tajriba orttirishi va ilmiy-tadqiqot hamda muhandislik loyihalarida ishtirok etishi uchun sharoit yaratiladi.
Bu yoshlarga nazariy bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rish, zamonaviy texnologik uskunalar bilan ishlash, yangi ilmiy va muhandislik yechimlarini yaratish hamda ularni prototip darajasiga olib chiqish imkonini beradi.
Shuningdek, markaz faoliyatiga mahalliy va xorijiy olimlar, muhandislar hamda soha ekspertlarini jalb etish rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday markazlarning tashkil etilishi mamlakatimizda yuqori texnologik muhandislik salohiyatini oshirish, mahalliy ilmiy-texnik ishlanmalarni ko‘paytirish va yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, bu yerda yaratilgan imkoniyatlar kelgusida raqobatbardosh, mahalliy texnologik mahsulotlarni ishlab chiqish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA