Umumiy o‘tmishdan mushtarak kelajak sari
Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida Qozog‘iston parlamenti delegatsiyasining yurtimizga tashrifi doirasida o‘zbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tdi.
“Umumiy o‘tmishdan – mushtarak kelajak sari” mavzusidagi forumda O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari a’zolari, taniqli olim va yosh tadqiqotchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, ijodkorlar ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilari dastlab o‘zbek va qozoq xalqlari ijodkorlari, hunarmandlarining ilmiy va ijodiy asarlari, milliy liboslari ko‘rgazmasi, shuningdek, innovatsiyalar va texnologiyalar ekspozitsiyasi bilan tanishdi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva hamda Qozog‘iston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev so‘zga chiqib, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar bugungi kunda davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli yangi mazmun bilan boyib borayotganini ta’kidladi.
Xususan, madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar ildizi yagona bo‘lgan xalqlarimizni yanada birlashtirish, ajdodlarimizdan meros ilm-fan yutuqlari, an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash va dunyoga keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. Ta’lim, madaniyat muassasalari o‘rtasida fan va ilmiy izlanishlar sohasida, adabiyot va san’at vakillarining ijodiy hamkorligi bugun yuksak natijalar bermoqda. O‘tgan yil Qozog‘istonda O‘zbekiston madaniyati va o‘zbek xalqining ko‘p asrlik an’analarini targ‘ib qilishga qaratilgan 18 ta madaniy-gumanitar tadbir o‘tkazildi.
Qozog‘iston vakillari yurtimizda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari”, xalqaro maqom va baxshichilik festivallari, hunarmandlar ko‘rgazmalarida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Ikki davlat fanlar akademiyalari, oliy ta’lim muassasalari, muzeylar va ijodiy uyushmalar o‘rtasida samarali hamkorlik shakllandi. Har yili yurtimizda Qozog‘istondagi oliy ta’lim muassasalarining ochiq eshiklari kuni tadbirlari va taqdimotlari o‘tkaziladi. Buning natijasida ayni paytda Qozog‘istondagi 116 ta ta’lim muassasasida 8 ming 500 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda.
– Ziyolilar forumi bu shunchaki uchrashuv emas, tarixi va madaniyati bir bo‘lgan, umumiy kelajakka intilayotgan xalqlarimiz o‘zaro hamkorligining muhim yo‘nalishlaridan biri – dedi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva. – O‘tgan yil Ostona shahrida ilk forum yuksak darajada tashkil etilgandi va bu ikki xalq ziyolilari o‘rtasida samarali muloqot platformasiga aylangandi. Bugun Samarqandda u an’anaviylik kasb etdi, o‘zbek va qozoq ijodkorlari, olimlarini yana bir davrga jamladi.
Forumda O‘zbekiston va Qozog‘iston fanlar akademiyalari, ijodiy uyushmalar vakillari, jamoat arboblari, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar so‘zga chiqib, xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik aloqalari, uni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Hamkorlikda amalga oshirilayotgan ijodiy loyihalar va kelgusidagi rejalar haqida so‘z yuritildi.
[gallery-28683]
– O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va boshqa ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi Qozog‘iston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Asqar Jumadildayev. – Birgalikda xalqaro ilmiy konferensiyalar, seminarlar o‘tkazyapmiz va bu ikki davlat ilm-fan sohasi vakillari uchun manfaatli bo‘lmoqda. Ziyolilar forumi esa yuzma-yuz muloqot qilib, o‘zaro tajriba almashish, yangi qo‘shma tashabbus va loyihalarni muhokama qilish uchun qulay maydon vazifasini o‘tamoqda.
Forumdan so‘ng Qozog‘iston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev boshchiligidagi delegatsiya Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Samarqanddagi boshqa tarixiy-madaniy obidalar, diqqatga sazovor maskanlarda bo‘ldi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari