“Umid“ning umidlari bo‘y ko‘rsatmoqda
Yangiyo‘llik Alisher Jo‘raboev uzoq yillardan buyon jigar sirrozidan aziyat chekadi.
Yangiyo‘llik Alisher Jo‘raboev uzoq yillardan buyon jigar sirrozidan aziyat chekadi. Yaqindagina bir oylik navbatdagi profilaktik davolanishdan qaytdi.
Ammo kasallik holati operatsiya o‘tkazishni talab etmoqda. Mazkur jarrohlik amaliyoti uchun esa qariyb 30 million so‘m mablag‘ zarur. “Mingbuloq” mahallasida istiqomat qiluvchi bu oilaning shusiz ham surunkali xastalik sabab moddiy tomondan tinkasi qurigan. Sog‘ayish, darddan forig‘ bo‘lib, oilasi, yaqinlari bag‘riga qaytishi uchun esa pul kerak. Xo‘sh, nima qilmoq kerak?
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida “Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir” mavzusida bo‘lib o‘tgan xayriya tadbirida yangiyo‘lliklarning shu kabi imkonsiz ko‘ringan ko‘plab muammolari ijobiy hal etildi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi vakillari, tuman sektorlari, korxona va tashkilot rahbarlari, fuqarolar yig‘inlari raislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mahallalarda va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, aholi bilan muloqot o‘tkazib, muammolarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan xayriya tadbiri avvalida sayyor qabul o‘tkazildi.
Tumanning eng olis mahallalaridan biri – “Umid” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan sayyor qabulda respublika mahallalar kengashi raisi o‘rinbosari B.Parpiev, tuman sektor rahbarlari yangiyo‘llik aholi bilan muloqotga kirishib, muammolarini tingladi.
Aholi bilan ochiq muloqotda 32 fuqaroning uy-joy, sog‘liqni saqlash, kommunal soha, yo‘l, ichimlik suvi, bandlik kabi masalalar yuzasidan murojaatlari tinglanib, A.Jo‘raboev singari 15 nafarining muammosi joyida ijobiy hal etildi. 17 nafarining murojaati bo‘yicha zarur vazifalar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
– Mahallamiz qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh hududda joylashgan bo‘lib, qariyb 2 ming 500 aholi istiqomat qiladi, – deydi Umid mahallasi raisi O.Musaev. – Tabiiyki, tuman markazidan 25 kilometr uzoqda bo‘lgan mahallamizda ham yillar mobaynida ko‘pgina muammolar yig‘ilib qolgan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, jumladan, “Obod qishloq” dasturi doirasida joriy yil qishlog‘imizda misli ko‘rilmagan bunyodkorlik ishlari olib borildi. Xususan, avvallari mahalladoshlarimiz 5 kilometr olisdagi qishloq vrachlik punktiga qatnagan bo‘lsa, shu kunlarda mahallamizda ikki qavatli zamonaviy oilaviy poliklinika qurilib, foydalanishga topshirildi. 11 ko‘p qavatli uyning tashqi fasad qismi, 6 tasining tom qismi mukammal ta’mirlandi.
Darhaqiqat, mahalla hududida “Obod qishloq” dasturi asosida aholi turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ulkan qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, hududda 220 o‘rinli yangi maktabgacha ta’lim muassasasi, mahalla guzari bunyod etilayotir. 50 xonadondan iborat ikki qavatli turar joy qurilib, shinam, barcha qulayliklarga ega mazkur uy-joylarning 10 tasi kam ta’minlangan oilalarga berildi.
Mahalla aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 6 kilometr masofadan yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortib kelinmoqda. Ichki yo‘llarning yarmiga asfalt yotqizilib, qolgan qismida ta’mirlash ishlari davom etayapti. Shuningdek, mahalla hududidagi elektr uzatish simlari yangisiga almashtirilib, ko‘cha yoritish moslamalari o‘rnatildi.
Tadbir doirasida “Mehnat yarmarkasi” tashkil etilib, 100 dan ziyod ishtirokchilar, jumladan, 50 nafar erkak va 70 nafar ayolga ishga joylashtirish yuzasidan tushuntirish berildi. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbusning beshinchi yo‘nalishi – xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida “Umid Baraka Chevarlari” tikuvchilik sexi foydalanishga topshirildi. Pirovardida 160 xotin-qiz, shu jumladan, mahalladagi 70 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda tuman tibbiyot birlashmasining malakali shifokorlari tomonidan tashkil etilgan tadbirda 400 dan ziyod keksa avlod va kam ta’minlangan oila vakillari, boquvchisini yo‘qotgan va o‘zgalar ko‘magiga muhtoj fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik doirasida bir guruh fuqarolarga bepul nogironlik aravachalari, dori-darmon va sovg‘alar berildi.
Tadbir doirasida, shuningdek, Respublika mahallalar kengashi raisi o‘rinbosari B.Parpiev hamda tegishli tashkilot rahbarlari tomonidan saylovni tashkil etish va o‘tkazish, kuz-qish mavsumi, xususan, aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan o‘quv- seminari o‘tkazildi.