“Umid bilan yashagin” kitobining taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, davlat va jamoat arbobi Safar Ostonovning “Umid bilan yashagin” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq ustoz jurnalist Safar Ostonov chinakam fidoyilikning, o‘z ishiga sadoqatning haqiqiy namunasi bo‘lganini ta’kidladi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev yurtimiz media sohasida Safar Ostonov nomini bilmagan jurnalist topilmasligini qayd etdi.
– Safar Ostonov oddiy, samimiy ijodkor edi, – dedi atoqli jurnalist Farmon Toshev. – Uning ijodi tom ma’noda ko‘pchilik jurnalistlar uchun ibratlidir. Safar Ostonovning nomi barchamizga qadrdon. U yuragimizga yaqin inson edi. XX asr oxirlarida uning qalamiga mansub turli mavzulardagi yuzlab publitsistik maqolalar, sud ocherklari, sayohatnomalar, suhbatlari hanuzgacha ko‘pchilikning yodida. Ayniqsa, bugun o‘rta va katta avlod deb atalayotgan XX va XXI asr qalamkash ijodkorlarning aksariyati Safar Ostonovni o‘zlarining ustozi sifatida e’tirof etadi. Adabiyotda, jurnalistikada ijod maktabi yaratish hammaga ham nasib etavermaydigan tole aslida. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘zbek jurnalistikasida Safar Ostonov maktabi yaratilgan va bu ijod maskani har doim qadrdon o‘quvchilari va tadqiqotchilariga o‘z bag‘rini ochgan.
Taniqli jurnalist, tajribali muharrir bundan roppa-rosa ikki yil avval, ya’ni 9 iyun kuni dunyodan o‘tgan edi. Safar Ostonovning o‘zi hayotlik davrida tayyorlagan, tartib bergan “Umid bilan yashagin” deb nomlangan kitobi yaqinda “Akademnashr” nashriyotida chop etildi. Kitobdan muallifning qalamiga mansub shov-shuvli sud ocherklari, publitsistik maqolalari hamda uning kundalik daftaridan ko‘chirilgan xotiralar va zamondoshlarning dil izhorlari joy olgan.
Taqdimotda Safar Ostonovning hamkasblari, shogirdlari ustoz jurnalistning ijodiy faoliyati, o‘zbek jurnalistikasiga qo‘shgan hissasi va insoniy fazilatlari haqida batafsil so‘zladi.
– Safar Ostonovni Toshkentga kelgan paytidan to umrining so‘nggi paytigacha yaxshi bilaman, – dedi faxriy jurnalist Jabbor Razzoqov. – Bu kitobga eng dolzarb, o‘tkir mavzudagi maqolalar o‘rin olgan. Safar Ostonov ijodiy faoliyati davomida “Yoshlar ovozi”, “Sport”, “O‘zbekiston futboli”, “O‘zbekiston ovozi” – “Golos Uzbekistana” gazetalarining bosh muharriri lavozimida samarali mehnat qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida mas’ul vazifalarda xizmat qilib, ommaviy axborot vositalarining huquqiy, iqtisodiy va ma’naviy poydevorini mustahkamlash, sohani zamon talablari darajasida rivojlantirish jarayonlarida faol ishtirok etdi.
Tadbirda Safar Ostonov mustaqilligimizni mustahkamlash, yurtimizdagi o‘zgarishlar mohiyatini jamoatchilikka yetkazish, qadriyatlarimizni targ‘ib etish, axborot sohasidagi siyosatni amalga oshirishga faol hissa qo‘shgan jasoratli, fidoyi, o‘zini ayamasdan ijod qilgan, o‘zidan ulkan maktab qoldirgan jurnalist ekani alohida ta’kidlandi.
Taqdimot tadbirida Safar Ostonovning ibratli faoliyati, insoniy fazilatlari haqida shogirdlari, hamkasblari, yaqinlari va qadrdonlari batafsil so‘z yuritdi.
Ustoz jurnalist Safar Ostonovning “Umid bilan yashagin” nomli kitobi taniqli ijodkor Norqobil Jalil tomonidan nashrga tayyorlangan. Mas’ul muharrir – Ahror Ahmedov.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri