Ulug‘bek Qosimov: “Ta’limdagi islohotlar o‘z samarasini bermoqda”
Bugun Surxondaryo viloyatidagi 965 ta maktabda ham yangi o‘quv yili bayramona ruhda boshlandi.
Shu munosabat bilan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan Mustaqillik darslarida viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektorlar rahbarlari, viloyat, tuman, shahar hokimi o‘rinbosarlari, tashkilot va muassasalar rahbarlari, mehnat faxriylari va boshqa taniqli insonlar ishtirok etdi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Boysun tumanidagi olis Pulhokim mahallasida bo‘lib, 28 –umumta’lim maktabi tadbirida ishtirok etdi. Ta’lim muassasasi jamoasi va o‘quvchi yoshlarni yangi o‘quv yili boshlanishi bilan tabriklab, mustaqillik bergan imkoniyatlar, keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar, o‘qituvchi va o‘quvchi yoshlar uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Joriy o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim maktablarida 45 mingdan ortiq o‘qituvchi – pedagog 535 mingga yaqin o‘quvchiga ilm-fan sirlarini o‘rgatadi. Ularning 60 mingga yaqini maktab ostonasiga ilk qadam qo‘ygan birinchi sinf o‘quvchilaridir. Maktablarda o‘quvchilarni har taraflama bilimli etib tarbiyalash uchun barcha sharoit yaratildi. Birinchi sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alari yetkazib berildi.

Viloyatda yangi o‘quv yiliga alohida hozirlik ko‘rildi. Ta’lim sifati va infratuzilmasini yaxshilash uchun 2023 yil Investitsiya dasturi doirasida ikkita yangi maktab qurildi. 33 ta maktab rekonstruksiya qilinib, ikkitasida zamonaviy sport zal barpo etildi. 124 ta maktabning atrofi o‘ralib, 250 ta maktabning sanitariya-gigiyena shoxobchasi tartibga keltirildi. 37 ta umumta’lim maktabi laboratoriya jihozlari, 110 ta umumta’lim maktabi 1 ming 760 dona zamonaviy kompyuter jamlanmasi bilan ta’minlandi. 948 ta maktab respublika byudjeti mablag‘i evaziga yetti turdagi musiqa va 5 turdagi birlamchi sport anjomlari bilan jihozlandi.

O‘quvchilarga 2 ta xorijiy til va bitta kasbni o‘rgatish amaliyotini joriy etish uchun viloyatdagi 15 ta hududdan 15 ta maktabning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 780 million so‘m yo‘naltirildi.

Finlyandiya tajribasi asosida yaratilgan zamonaviy maktab darsliklarini o‘qitishning metodikasini o‘rgatish uchun Termiz shahridagi 12–umumta’lim maktabining 1-4 sinf o‘quvchilari tanlab olindi. Mazkur ta’lim muassasasiga zamonaviy jihozlar uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratildi.

–Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda ta’lim tizimiga xorijning ilg‘or tajribalari joriy etilayotgani chuqur bilimga ega yoshlarni kamolga yetkazishda o‘z samaralarini bermoqda, – dedi viloyat rahbari. – Shu maqsadda Finlyandiya davlati ta’lim tizimi tajribasini o‘rganib, amaliyotda qo‘llash uchun shu yilning may va iyun oylarida bir guruh o‘qituvchilarimiz Finlyandiya davlatiga borib, o‘zaro tajriba almashib keldi. O‘tgan o‘quv yilida viloyatdagi maktablarda haftaning har shanba va yakshanba kunlarida “Otalar yig‘ilishi” va “Otalar qabuli kuni” sifatida belgilangani ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qildi. Bu yo‘nalishda Surxondaryo tajribasi yaratilib, mazkur tadbirlarni o‘tkazishning tavsiyaviy dasturi ishlab chiqildi. Maktablarda otalar yig‘ilishi va otalar qabulini davom ettiramiz.

Olis tog‘li hududdagi 620 o‘rinli 28-umumta’lim maktabi joriy yilda tubdan ta’mirlandi. O‘qituvchi va o‘quvchilarga barcha sharoit yaratilib, zamonaviy usulda jihozlandi. Buning uchun 3 milliard 200 million so‘m mablag‘ sarflandi. Qirqqa yaqin malakali o‘qituvchi mehnat qilayotgan ta’lim muassasasining birinchi sinfiga 56 nafar o‘quvchi qabul qilindi. Ularga Prezident sovg‘alari topshirildi.

–Tog‘lar qo‘ynidagi qishlog‘imiz maktabi bunyod etilganiga 37 yil bo‘ldi, – deydi mehnat faxriysi Xonim bobo Toshboyev. – Shu yillarda bino va jihozlar eskirgan edi. Mahallamiz bilan tanishgan viloyat hokimi hududda odamlarning munosib turmush kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish va maktabni ta’mirlash yuzasidan tegishli topshiriqlarni bergan edi. Shunga asosan, mahallamiz qiyofasi tubdan o‘zgardi. Maktab yangidan qurilganga o‘xshab qoldi. Mahallada 1,5 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi. Bir kilometr piyodalar yo‘lagi qurilib, quyosh panelli yoritish chiroqlari o‘rnatildi. 6,6 kilometr tuproq yo‘lga tosh-shag‘al yotqizildi. Bu ishlar endilikda biz keksalarning tunu-kun yo‘llarda xotirjam harakatlanishimiz, farzand va nevaralarimizning maktabga qishin-yozin emin-erkin borib kelishiga xizmat qiladi. Ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor izsiz qolmaydi. Albatta, qishlog‘imizdan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan malakali mutaxassislar yetishib chiqadi. Chinakamiga inson qadri ulug‘lanayotgan zamonda yashayotganimiz uchun davlatimizdan behad minnatdormiz.


Viloyat hokimi maktab kutubxonasiga kitoblar jamlanmasini, birinchi sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alarini topshirdi. Mahallada amalga oshirilgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri