Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Andijon akademik litseyida “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi ijrosi bilan boshlandi.
Tadbirda mamlakatimiz madhiyasining qabul qilinish tarixi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, go‘zal va jozibador madhiyamiz yurtimizning har bir fuqarosi ongu shuuridan mustahkam joy egallaganligi, Vatanimizning kuch-qudrati, har bir yurtdoshimiz qalbida kelajakka ishonch va yurtga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashi, o‘zida xalqimizning buyuk o‘tmishi, o‘ziga xos hayotiy falsafasi va mazmuni bilan dunyoning qolgan davlatlari madhiyalaridan yaqqol ajralib turishi, qalblarimizga shukuh, shijoat va iftixorga to‘ldirishi ta’kidlandi.

Ta’lim muassasasida tadbir doirasida guruhlarda fan o‘qituvchilari tomonidan Davlatimiz madhiyasining qabul qilinish tarixi, uning mualliflari A.Oripov hamda M.Burxonov hayoti, ijodi bo‘yicha darslar, shuningdek, davlatimiz madhiyasini e’zozlash va keng targ‘ib etishga qaratilgan insholar va devoriy gazetalar tanlovi o‘tkazildi.
– Har tong darslarimiz madhiyamiz sadolari bilan boshlanadi, – deydi litseyning 1-bosqich o‘quvchisi Maftunaxon Ibaydullayeva.
– Bu bizga kuch, shijoat beradi, qalbimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi.
Mazkur tadbir o‘quvchi-yoshlar ongida davlatimiz ramzlariga bo‘lgan hurmat, e’tiborni va e’zozni yanada oshirishga xizmat qildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA