Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti bilan hamkorlikda «Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon» mavzuida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonuni qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari alohida e’tirof etilib, davlat madhiyasining mohiyati va ahamiyati, madhiyaning yaralishi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlar haqida so‘z bordi.

– Dars jarayonlarida davlat ramzlari haqida ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘lganmiz, – deydi Bojxona instituti ikkinchi bosqich kursanti Amirbek Jo‘rayev. – Bu tadbirda esa madhiyaning yaratilish tarixi haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldik. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning oila a’zolari o‘zbek xalqi uchun aziz bo‘lgan madhiyaning har bir satri qanday hayajon bilan yozilganini so‘zlab berdi. Aslida, har bir kunimiz ana shu muqaddas so‘zlar bilan boshlanadi. Uning har misrasi bizni Vatanni sevishga, uni ko‘z qorachig‘imizdek asrashga undaydi.
Yozuvchi va shoirlar, bojxona instituti professor-o‘qituvchilari, kursantlar ishtirokidagi tadbirda madhiyaning ulug‘vorligi, unda xalqimizning tarixiy orzu-umidlari mujassamligi, Vatanimizning har bir farzandi davlatimiz madhiyasiga munosib ehtirom ko‘rsatishi lozimligi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida Vatanni madh etuvchi she’riy va sahnaviy chiqishlar hamda konsert dasturi namoyish etildi.
D.Mamatova, O‘zA