Ultarmada yangi tibbiyot maskani qurilmoqda
Mamlakatimizda xalq salomatligini saqlash, birlamchi tibbiy xizmat sifatini yuksaltirish, xususan, qishloqlarda ijtimoiy-tibbiy infratuzilmani yangi bosqichga olib chiqish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning Farg‘ona viloyatiga tashrifidagi topshiriqlar asosida tibbiyot muassasalarini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, sohadagi muammolarni hal etish ishlariga kirishildi. Buning uchun viloyatga 33 milliard so‘mlikdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilyapti.
Bag‘dod tumani “Ultarma” mahalla fuqarolar yig‘inida 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Keyingi yillarda hududda birmuncha tashabbuslar, loyihalar amalga oshirildi.

–Yig‘inimizdagi Chekbozor, Qo‘rg‘oncha, Jarqishloq mahallalariga suv minoralari o‘rnatildi. 6 kilometr yo‘l asfaltlashtirildi. Natijada aholini ichimlik suv bilan ta’minlash yaxshilandi. Qishlog‘imiz kun sayin chiroy ochib bormoqda. Bularning barchasi yurtimizda “inson qadri uchun” degan tamoyil bosh mezon ekanidan darak beradi, – deydi “Ultarma” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Komiljon Hasanov. – Yurtboshimizning joriy yil 11-12 iyul kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berilgandi. Natijada izchil o‘rganishlar asosida muayyan hududlarga zarur mablag‘lar ajratildi. Jumladan, qishlog‘imizda yangi oilaviy shifokorlik punkti qurilishi boshlandi.

Ta’kidlash kerak, Ultarmada shunday oilaviy shifokorlik punkti bor edi. Lekin 1967 yilda qurilgan bino ma’nan eskirgan, unda zamonaviy tibbiy muolajalar olib borishning imkoni yo‘q, yaroqsiz holga kelib qolgan edi.
– Qariyb 15 yildan buyon shu shifokorlik punktida ishlayman. Ochig‘ini aytsam, ish joyimizning ko‘rimsiz, eski va ta’mirtalabligidan uyalib ketardik. Sharoit yo‘qligi, xonalar yetishmasligi bois bir necha bemorni bitta xonada ko‘rikdan o‘tkazishga majbur bo‘lardik. Yozda issiq, qishda sovuq xonalarda ishlashning o‘zi bo‘ladimi? – deydi umumiy amaliyot shifokori Ziyodboy G‘oyipov. – Prezidentimizga rahmat, endi bizda ham zamonaviy, barcha talablarga javob beradigan shifokorlik punkti bo‘ladi. Bor kuch-g‘ayratimizni, bilimimizni xalqimiz salomatligini saqlashga sarflaymiz, yangicha ishtiyoq bilan ishlaymiz.
Loyihaga ko‘ra, qurilayotgan yangi tibbiyot maskani 11 ming aholiga xizmat qiladi. Ya’ni Ultarma va Dasht mahallalari aholisining uzog‘i yaqin bo‘lishiga zamin yaratadi. Ikki qavatli yangi bino zamonaviy tibbiy anjomlar bilan boyitiladi, har bir mutaxassis uchun alohida xona ajratiladi. Tez tibbiy yordam xizmati ham tashkil etilib, maxsus avtomobil beriladi. Mazkur qurilish uchun 3 milliard so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlari Yangi yil bayrami arafasida yakunlanib, hudud ahli uchun o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘lishi rejalashtirilgan.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri