Ulkan mas’uliyat yuki
Bugun mamlakatimizdagi barcha umumta’lim, Prezident, ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda nodavlat maktablarida “Bilimlar kuni” keng nishonlandi, “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida ham ana shu tadbirlar yuqori saviyada o‘tkazilib, darslarimiz “Kelajak soati” mashg‘ulotlari bilan boshlandi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimi butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Umumta’lim, ixtisoslashtirilgan maktablar moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, o‘qitish jarayoniga ilg‘or ish uslublari, pedagogik texnologiyalar, xorijiy tajribalar tatbiq etilmoqda, o‘quvchilarni xorijiy tillarni o‘qitish, kasb-hunarga tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shu e’tibor tufayli o‘quvchilarimiz puxta bilim olib, yuqori natijalarga erishmoqda. Masalan, joriy yilda maktabimizni tamomlagan 34 nafar o‘quvchi 100 foiz, jumladan, ularning 15 nafari davlat granti, 19 nafari to‘lov-kontrakt asosida yurtimiz va qator xorijiy davlatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi.
Bir so‘z bilan aytganda, ta’lim tizimidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan xayrli ishlar va erishilayotgan yutuqlar zamirida Prezidentimizning ta’lim tizimiga qaratayotgan e’tibori, sohani rivojlantirish bo‘yicha ilgari surayotgan tashabbuslari yotadi.
Ana shu e’tiborni Davlatimiz rahbarining kuni kecha “Bilimlar kuni” munosabati bilan mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigi misolida yana bir ko‘rishimiz mumkin.
Prezidentimizning: Bunday bilimli, zukko, tirishqoq va intiluvchan, saflari yil sayin kengayib borayotgan farzandlarimiz timsolida biz Uchinchi Renessans nihollarini ko‘ramiz. Ularning har birini gurkurab o‘sadigan azim daraxt, yorug‘ istiqbolimiz ustunlari etib tarbiyalash – muqaddas vazifamizdir.
Maktab bag‘ridan katta hayotga yo‘llanma oladigan farzandlarimiz puxta bilim bilan birga, albatta, kamida bitta zamonaviy kasb-hunarni egallab chiqishi uchun barcha sharoitlarni yaratamiz”, degan so‘zlari shubhasiz, har bir pedagogni ruhlantiradi, kuch-shijoat beradi, qolaversa, zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Ayni kunda 274 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomli ijod maktabi pedagogik jamoasi ham Prezidentimizning da’vatidan kuch olib, o‘quvchilarga puxta bilim berish, ijodiy, intellektual salohiyatini oshirish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish uchun astoydil mehnat qiladi.
Maqsadimiz, farzandlarimizni bilimdon, yuksak salohiyatli, ulug‘ ajdodlarimizga munosib, yurtimiz ravnaqi va porloq kelajagi yo‘lida fidoyi insonlar qilib tarbiyalashdir.
Shohistaxon Nurmatova,
Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi direktori.