Ulgurji iste’molchilarga ham texnik xizmat ko‘rsatiladi
Xavfsizlikni ta’minlash uchun nafaqat aholi xonadonlarining, balki ulgurji iste’molchilarining ham gaz jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatilmoqda. Jarayonlar Buxoro viloyatining olis hududlarida olib borilmoqda.
Xususan, Olot tumanining “Ma’rifat” mahallasidagi novvoyxona egasi, tadbirkor Isroil Mavlonov 30 yildan ortiq oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Xalqqa xizmati davomida avvalo xavfsizlik masalasiga alohida e’tibor qaratib kelayotganligini ta’kidladi.


–Har yili mutaxassislar kelib jihozlarimizga xizmat ko‘rsatib ketadi, – deydi tadbirkor. –Muammolar kelib chiqsa darhol murojaat qilamiz. Asosiysi esa narxnomalarning belgilanganligi turli tushunmovchilikning oldini oladi.


Joriy yilning dastlabki choragida 22 ta ulgurji iste’molchilarning 5 mingdan ortiq gaz jihoziga texnik xizmat ko‘rsatildi. Viloyat bo‘yicha esa 1 ming 154 ta ulgurji iste’molchilarining 106 ming 93 ta gaz jihoziga texnik xizmat ko‘rsatildi.
Jarayonlar davomida soha xodimlari gaz jihoziga texnik xizmat ko‘rsatish majburiy ekanligi to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Zarif Komilov, O‘zA