Ularning mehnati vaqt va maskan tanlamaydi...
25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni
Dono xalqimiz bisotida eng ko‘p aytiladigan ibora va hikmatlar, hatto nuroniylarimiz duolaridan tushmaydigan ulug‘ niyat bu tinchlikdir. Shu asnoda “Osoyishtalik — eng yaxshi malham”, “Tinch elning bog‘i gullar”, “Tinchlik bilan el ko‘karar, yomg‘ir bilan — yer”, “Urush bo‘lsa, turish yo‘q”, kabi ko‘plab maqollar yodga tushadi.
Darhaqiqat, avvalo tinchlik har bir insonning qalbida bo‘lsa, uning ta’siri jamiyatni farovon qiladi. Avvalo Islom dinining mohiyati, saodatga eltuvchi g‘oyasi ham tinchlikka asoslangan.
Yurt tinchligini saqlash mas’uliyatini bo‘yniga olgan insonlar esa ikki karra fidoyi bo‘lmog‘i lozim bo‘ladi. Ularning mehnati vaqt va maskan tanlamaydi. Kerak bo‘lsa, jonlarini qalqon qilishga shay bo‘lgani uchun o‘z sohasini qadrlaydi, osoyishtalikni ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 6 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.
Shu o‘rinda Ichki ishlar organlari sohasi tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qadimda vatanimiz hududida vujudga kelgan davlatlarda harbiy jangchilardan tashqari “soqchi”, “qorovul”, “chokar”, “shixna”, “yasovul”, “ko‘kaldosh”, “muhtasib”, “posbonboshi”, “sarboz”, “mirshabboshi” va “mirshab”lar hukmdor qarorgohi, qal’alar va boshqa inshootlarni qo‘riqlash, qishloq va shaharlardagi osoyishtalik va jamoat tartibini saqlash, aholi xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish, aybdorlarni aniqlash, topish va jazolash kabi vazifalarini bajargan. Keyinchalik shu kabi tuzilmalar negizida bugungi ichki ishlar organlari shakllangan. Bu esa o‘z navbatida, ichki ishlar organlari o‘zbek davlatchiligi tarixi bilan chambarchas bog‘langan ildizlarga ega ekanligidan dalolat beradi.
Turli davrlardagi siyosiy sharoit taqozosiga ko‘ra, bu tuzilmalarning nomi, vazifalari va ish uslublari o‘zgarib borgan. Masalan, XIX asr oxirida Rossiya imperiyasi mustamlakasiga aylangan Turkistonda joriy etilgan politsiya-mirshablik tizimi asosan mustamlakachi imperiya manfaatlariga xizmat qilishga undalgan, aholining tinchligini ta’minlash, jamoat xavfsizligi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan birga, fuqarolarni nazorat qilish, xalq ozodlik harakatlari vujudga kelishining oldini olish va unga qarshi kurashishda harbiy bo‘linmalarga ko‘maklashish vazifalarini bajarishga jalb etilgan.
Istiqlol sabab ichki ishlar organlari xalqimizning himoyachisi va ko‘makchisiga, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini himoya qilishning ishonchli garoviga aylandi.
Bugun 25 oktyabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga o‘z tabrigini yo‘llar ekan, so‘nggi yillarda ichki ishlar organlari sohasida amalga oshirilgan ishlar ko‘lamini e’tirof etib o‘tdi. Xususan, aholi uchun barcha shahar va qishloqlarda xavfsiz yashash, mehnat sharoitini yaratish borasidagi samarali ishlarda soha xodimlarining o‘rnini yuksak baholadi.
“Eng quyi bo‘g‘indagi vaziyat va muammolarni chuqur o‘rganish asosida har qaysi mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda”, deya qayd etgan Prezidentimiz tabrikda.
Bugungi kunda yurtimizdagi 350 dan ziyod mahallada huquq-tartibot maskanlari tashkil etilgan bo‘lib, 9,5 mingga yaqin mahallada profilaktika inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani soha faoliyati qamrovi hamda mas’uliyati ko‘lamini anglatadi.
Darhaqiqat, har qanday murakkab davrlar, qaltis vaziyatlarda ham ichki ishlar organlarida o‘z jonini ayamasdan, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan fidoyi xodimlar ko‘p.Ularning mashaqqatli mehnati, jasorat va qahramonliklari bugungi va kelgusi avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib qoladi.
Abdulaziz Rustamov, O‘zA