Ukraina tiklanishi uchun qancha mablag‘ zarur?
Jahon banki, Yevropa Komissiyasi va BMT qo‘shma bayonotiga ko‘ra, Rossiya bilan mojarodan keyin tiklanish uchun Ukrainaga keyingi 10 yil ichida qariyb 588 milliard dollar kerak bo‘larkan. Bu miqdor 2025-yil oxirida e’lon qilingan mamlakat yalpi ichki mahsulotidan uch barobar ko‘p. Dushanba kuni chop etilgan hisobot xulosasida shunday deyilgan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, uzoq muddatli tiklanish jarayonida Ukrainaning eng kuchli ehtiyoji transport tizimi bilan bog‘lanadi. Ya’ni, infratuzilmani tiklashga 96 milliard dollar ketadi. Eng ko‘p pul talab qilinadigan ikkinchi soha – energetikaga taxminan 91 milliard dollar, uy-joylarni tiklash uchun 90 milliard dollar, savdo va sanoatga 63 milliard dollar, qishloq xo‘jaligi sektoriga esa 55 milliard dollar sarflanadi.
Ma’lumki, Ukrainada davom etayotgan mojarodan aynan shu sohalar eng ko‘p zarar ko‘rmoqda. Ayniqsa front chizig‘i hududlari va yirik shaharlarda tiklanishga ehtiyoj kuchli. Mamlakat energetika sohasida o‘tgan yil oxiriga kelib, shikastlangan yoki vayron bo‘lgan inshootlar, jumladan elektr stansiyalari, tok uzatish simlari, tarqatish tarmog‘i va tuman isitish tizimlari taxminan 21 foizni tashkil qilgan. Transport tizimi ehtiyoji esa taxminan 24 foizga yetgan.
S.Rahimov, O‘zA