Uitkoff-Kushner uchrashuvi natija berdimi?
AQSH Prezidentining maxsus elchilari Stiven Uitkoff va Jared Kushner Rossiya va Ukrainada uchrashuvlar o‘tkazib, urushni to‘xtatish yo‘lidagi sa’y-harakat muayyan natija berdi, deya bayonot berishiga qaramay, siyosiy tahlilchilar muzokara tufayli urushayotgan tomonlar sulh tomon qadam tashlamaganini ta’kidlamoqda.
Garchi, elchilar muloqot jarayonida urushni to‘xtatish bo‘yicha yangi g‘oyalar paydo bo‘ldi, deya ta’kidlasa-da, mutaxassislar hech qanday ijobiy natija kuzatilmaganini aytishmoqda. Masalan, Polsha Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi (OSW) e’lon qilgan maqolada “Muzokara Moskva murosaga kelishi yoki tezkor sulhga tayyorlik ko‘rishini muhokama qilish uchun hech qanday asos yaratmadi”, deyilgan.
Ya’ni, Kreml Tramp ma’muriyatining tezkor natijaga erishish va muzokaradan Kiyevga bosim o‘tkazish uchun foydalanishidan hamon umidvor.
Tahlil Moskva Ukraina energetika infratuzilmasini nishonga olish va qishda gumanitar vaziyatni yomonlashtirish orqali urushni davom ettirish niyatidaligini tasdiqlamoqda.

Shuningdek, Rossiya AQSH va Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi kelishmovchilikni chuqurlashtirishga harakat qilishi, shu bilan birga Yevropada gibrid bosim va yolg‘on xabar tarqatish kampaniyasini kuchaytirishi ehtimoliga urg‘u berilgan.
Kiyev muzokara muvaffaqiyatsizligi sabab javobgarlikka tortilmasligi uchun ataylab konstruktiv pozitsiya namoyish etmoqda. Qolaversa, Prezident Vladimir Zelenskiy Kiyev uchun xavfsizlik kafolatini talab qilishda davom etyapti, armiyani qisqartirish g‘oyasi hamda Rossiyaning hududiy talabini rad etmoqda.

Polshalik tahlilchilar fikricha, Vashingtonning ishtiroki ortishi nafaqat Ukrainadagi urush, balki Rossiyaning Yevropada kuchayib borishi va Moskvaning Eronni qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq xavotir bilan ham bog‘liq.
Bundan bir necha kun avval maxsus elchilar Moskva va Kiyevda olib borgan muzokara natija bermaganini Zelenskiyning o‘zi ham tasdiqlaganday edi. Shuningdek, urush davom etishi, qishga tayyorgarlikni boshlash kerakligi ta’kidlangan. Ayni maqsad uchun yevropalik hamkorlardan qurol-yaroq, rus raketalarini tutib qoluvchi tizim so‘ralgan. Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar vakillari onlayn uchrashuvida esa AQSH mudofaa vaziri o‘rinbosari Elbrij Kolbi ittifoqchilarni “juda cho‘ziladigan urushga tayyorgarlik ko‘rish”ga chaqirgan. Uning fikricha, ko‘hna qit’a uzoq muddat Kiyevni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga hozirlik ko‘rishi kerak.

– Rossiya qurolli kuchlari va mudofaa sanoati salohiyatini qayta tiklamoqda, – deya qo‘shimcha qilgan vazir. – Biz uzoq davom etadigan mojaroga, Ukrainaning ehtiyoji kelgusi oy va yillar davom etishiga tayyor turishimiz zarur.
Yevropa davlatlari Kiyev uchun yangi “Patriot” raketalari to‘plamini tayyorlayotgani haqida xabar ham urush tugamasligiga yana bir ishoradek.
“Bloomberg” yozishicha, Yevropa mamlakatlari, jumladan Buyuk Britaniya, NATOning PURL tashabbusi doirasida Ukraina uchun Amerika “Patriot” tutuvchi raketalarini sotib olish uchun tegishli mablag‘dan foydalanish jarayonining so‘nggi bosqichida. Mazkur yordam Rossiya Ukraina infratuzilmasiga raketa zarbasini kuchaytirishi kutilayotgan qishdan oldin yetkazilishi kutilyapti.
Qirollik allaqachon PURL uchun 100 million funt sterling ajratgani e’lon qilindi. Pulning bir qismi “Patriot” raketalari uchun sarflanadi. YeI tarkibidagi mamlakatlar esa Ukrainaga ushbu tizim uchun zarur qismlar sotib olishga ruxsat beruvchi istisnoga ham rozi bo‘lgan.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen aytishicha, keyingi 3,2 milliard yevrolik transh Kiyevga havo hududini Rossiya hujumidan himoya qilishga yordam beradi. Ushbu reja Ukraina mudofaasi bo‘yicha Aloqa guruhi yig‘ilishida muhokama qilinadi. Sotib olinayotgan to‘xtatuvchi raketalarning aniq soni hali oshkor qilinmagan.
S.Rahimov, O‘zA