Uchrashuvlarda tadbirkorlarning muammolari hal etilmoqda
Bugungi kunda hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Uchquduq tumanida ham amaliy ishlar olib borilmoqda.
Uchquduq tuman hokimi Uchqun Yelmuratov hamda tuman prokurori Maqsud Ortiqovlar ishtirokida hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida ham yangi ish o‘rinlari tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir avvalida tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi joriy etilganligi, shuningdek, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etish tartiblari tushuntirildi. Tuman va shahar toifasidan kelib chiqib, tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish tartibi natijadorligini baholash mexanizmlari joriy etilayotganligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida tadbirkorlarning taklif va tashabbuslari tinglandi. Jumladan, “SMART SELLING 007” MCHJ rahbari Sherzod Xoliqov umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat va savdo nuqtalari jamlangan 3 qavatli majmua hududida yengil konstruksiyali qo‘shimcha bino qurish taklifini ilgari surdi. Ushbu taklif joyida o‘rganilib, qo‘llab-quvvatlandi.

– Bugungi kunda majmuamizda aholiga o‘nlab xizmat turlari tashkil etilgan, – deydi tadbirkor Sh.Xoliqov. – Hozirda 30 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Uchrashuvda o‘z mablag‘imiz evaziga yengil konstruksiyali qo‘shimcha bino barpo etish taklifini bildirdik. Bu yerda muzqaymoq va yaxna ichimliklar savdosi yo‘lga qo‘yiladi. Natijada yana yangi 10 ta ish o‘rni yaratiladi.
Albatta, bu kabi ochiq muloqotlar natijasida tadbirkorlarning yig‘ilib qolgan muammolari o‘z yechimini topmoqda. Natijada bildirilgan fikrlar amaliy harakatga aylanib, yangi tashabbuslarga yo‘l ochmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri