Uchrashuv va keng qamrovli targ‘ibot tadbiri tashkil etildi
Yosh avlodni sog‘lom, bilimli, yuksak ma’naviyatli va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu yo‘lda sportni keng ommalashtirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni turli zararli illatlardan asrashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot ishlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnika mutaxassisliklariga tayyorlash markazida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Jizzax garnizonidagi “n” harbiy qism, Jizzax harbiy prokuraturasi, Milliy gvardiya boshqarmasi hamda Sport boshqarmasi hamkorligida “Chempion va yoshlar” mavzusida motivatsion uchrashuv, shuningdek, “Oq yo‘l — bilim, ma’naviyat va sport, qora yo‘l — giyohvandlik” shiori ostida keng qamrovli targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, boks bo‘yicha Osiyo chempioni va Olimpiya o‘yinlari g‘olibi kapitan Bobousmon Boturov, Armiya o‘yinlari g‘olibi, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchisi ikkinchi darajali serjant Begzod Ismatov, boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionlari Abbosbek Nabiyev, Shahzodbek Umarov, Ibrohim Ergashev hamda qo‘l jangi bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Maftuna Quvondiqovalar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida chempionlar sportdagi mashaqqatli yo‘li, erishgan yutuqlari va muvaffaqiyat ortida turgan sabot, mehnat hamda qat’iyat haqida samimiy mulohazalar bildirishdi. Ular har qanday yuksak natija izchil mehnat, intilish va o‘z ustida tinimsiz ishlash orqali qo‘lga kiritilishini ta’kidlashib, yoshlarni aniq maqsad sari intilishga, sport bilan muntazam shug‘ullanishga va irodali bo‘lishga chaqirishdi.
Ayniqsa, yosh harbiy xizmatchilar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarda harbiy kasbning sharafi va mas’uliyati, Vatanga sadoqat, intizom, jasorat hamda fidoyilik kabi yuksak fazilatlar haqida atroflicha fikr almashildi. Bunday uchrashuvlar yoshlarda milliy g‘urur, vatanparvarlik tuyg‘usi va yuksak fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi.
Tadbirning ikkinchi qismi “Oq yo‘l — bilim, ma’naviyat va sport, qora yo‘l — giyohvandlik” mavzusiga bag‘ishlandi. Mutaxassislar giyohvandlikning inson salomatligi, oila farovonligi va jamiyat taraqqiyotiga yetkazadigan og‘ir oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shuningdek, mazkur illatning yoshlar kelajagiga salbiy ta’siri, huquqiy oqibatlari hamda uning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
[gallery-30344]
Uchrashuvda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, muntazam jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.
Qizg‘in savol-javoblar ruhida kechgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga chempionlar, harbiylar va soha mutaxassislaridan atroflicha javoblar olishdi.
Mamlakatimizda ana shunday ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlarining izchil tashkil etilayotgani yoshlarni zararli illatlar ta’siridan himoya qilish, ularning ongu tafakkurini yuksaltirish, faol hayotiy pozitsiyasini mustahkamlash hamda Vatan taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari