“Uchquduqning 40 yilligi” bog‘i barpo etilmoqda
Navoiy viloyati Uchquduq tumani tashkil topganiga 40 yil to‘ldi. Mazkur sana munosabati va mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2,5 gektar maydonda “Uchquduq tumanining 40 yilligi” bog‘i tashkil etilmoqda. Bog‘da asosan cho‘l hududiga mos bo‘lgan issiq garmsel va qurg‘oqchilikka chidamli 2 ming dona gujum, qayrag‘och, suvsizlikka chidamli saksovul ko‘chatlari ekildi.
Darhaqiqat, “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari Uchquduq tumanida ham uyushqoqlik bilan olib borilayotir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ayni palladagi mo‘’tadil iqlim daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish uchun qulay fursat.


“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tumanning barcha 14 ta mahalla va 150 dan ortiq ko‘chalarini obod qilish, manzarali, mevali daraxt ko‘chatlarini ekish va ona tabiatni asrash bo‘yicha Dastur ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, joriy yilda 562 ming 400 dona manzarali, mevali daraxt ko‘chatlari va qalamchalarini ekish rejalashtirilgan.
Hozirda tuman hududidan o‘tuvchi magistral avtomobil yo‘llari yoqasida 85 ming 600 dona, qishloq xo‘jaligi yerlarida ihota daraxtzorlar barpo etiladigan yerlarda 326 ming 940 dona, Uchquduq kasb-hunar maktabi va Uchquduq sanoat texnikumi ob’ektlarida 790 dona, xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi muassasalarda 3 ming 441 dona, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 2 ming 400 dona, sog‘liqni saqlash ob’ektlarida 2 ming 610 dona, korxonalar va xizmat ko‘rsatish sohasi hududlarida 56 ming 597 dona, tuman obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi hududlar, ko‘chalar va ob’ektlarda 51 ming dona, mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari hududlari va boshqa ob’ektlarda 33 ming dona ko‘chat hamda qalamchalar ekilmoqda.




A.Bo‘riyev, O‘zA.