Uchquduqda yo‘l va infratuzilma ishlari jadallashdi
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida hududlar infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga qulay va xavfsiz sharoit yaratish hamda zamonaviy shaharsozlik muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, ichki yo‘llarni ta’mirlash, transport infratuzilmasini yaxshilash va obodonlashtirish ishlari aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada Uchquduq tumanida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik va qurilish-ta’mirlash ishlari izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, tumandagi Amir Temur ko‘chasini zamonaviy xizmatlar markaziga aylantirish loyihasi doirasida ichki yo‘llarni rekonstruksiya qilish hamda unga tutash infratuzilma ob’ektlarini yaxshilash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Mazkur loyiha Navoiy Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi buyurtmachiligi asosida amalga oshirilmoqda. Loyihaga ko‘ra, “Uchquduq – Dehqon bozori”ga olib boruvchi avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari atrofini obodonlashtirish ishlari uchun jami 1 milliard 861,1 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

– Amalga oshirilayotgan ushbu ishlar hudud aholisi uchun yanada qulay sharoit yaratish, transport qatnovini tartibga solish va yengillashtirish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir, – deydi tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi boshlig‘i Aziz Xo‘jamov. – Bugungi kunga qadar ob’ekt hududida beton va tuproq ishlari amalga oshirilib, suv qochirish lotoklari o‘rnatildi. Shuningdek, lotoklar ustiga metall quvurlar hamda temir-beton bordyurlar joylashtirildi. Bundan tashqari, yo‘lning mustahkamligi va uzoq muddat xizmat qilishini ta’minlash maqsadida qum-shag‘al aralashmasidan asos qurildi. Hozirgi kunda asfalt-beton qoplamasi yotqizish ishlari davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, piyodalar va velosiped haydovchilari uchun beton plitkalardan maxsus yo‘laklar barpo etilmoqda.

Mazkur qurilish-ta’mirlash ishlari Uchquduq tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan amalga oshirilyapti. Loyihada 20 dona maxsus texnika hamda 15 nafar ishchi-xodim jalb etilgan bo‘lib, barcha ishlar belgilangan reja asosida davom ettirilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri