Uchqo‘rg‘onda yirik tibbiy markaz quriladi
Yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlashda, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishda xususiy sektor vakillari ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqda.
Namangan viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov hamda Turkiyaning “Kanimed Saglik Cozumleri” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Filiz Erdogan Marashlioglu o‘rtasidagi muzokaralar ham bu boradagi navbatdagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
Qayd etish joiz yurtimizda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi mazkur xorijiy korxona tomonidan Uchqo‘rg‘onda “Zamonaviy diagnostika markazini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun tumandagi Chek mahallasi hududidan 0,2 gektar yer maydoni ajratib berildi. Ushbu istiqbolli loyihaning umumiy qiymati 5 million dollarga teng bo‘lib, markazda eng zamonaviy tibbiyot anjomlari yordamida 200 dan ziyod tibbiy tahlil namunalari olinishi ko‘zda tutilgan. Yuqori malakali turk shifokorlari taklif etilishidan tashqari mahalliy kadrlar uchun 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
[gallery-763]
– Kompaniyamizning diagnostika markazi Surxondaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Yana Toshkentda va Andijonda ham ochishni ko‘zda tutganmiz. Namangandagi markaz ko‘lami va sarflanayotgan mablag‘ jihatidan ularning ichida eng yirigi bo‘ladi, – dedi turkiyalik investor.
Viloyat rahbari muloqot davomida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilingan 2021 yilda bunday loyihalarning ahamiyati yuqori ekanligini aytib, ularning amalga oshirilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilishini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, “Kanimed Saglik Cozumleri” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Filiz Erdogan Marashlioglu xonim O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga binoan birinchi darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlangan.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.