Uchko‘prikda yoshlar uchun yangi IT markaz ochildi
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida raqamli texnologiyalar sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan yana bir muhim loyiha amalga oshirildi. Tumanning Begobod mahallasida zamonaviy infratuzilmaga ega yangi IT markaz foydalanishga topshirildi.
Markazning ochilish marosimida so‘z olgan mutasaddilar mazkur IT markaz yoshlar uchun startap loyihalarni amalga oshirish, innovatsion g‘oyalarni ilgari surish, shuningdek, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.

Tadbir davomida ramziy lenta qirqilib, mehmonlar markazda yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv xonalari hamda zamonaviy texnik jihozlar bilan yaqindan tanishdilar.

Qayd etilishicha, IT markaz o‘z faoliyatini 8 ta yo‘nalishda olib boradi. Xususan, 3D modellashtirish, dasturlash, sun’iy intellekt, grafik dizayn, robototexnika kabi yo‘nalishlarda yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni innovatsion faoliyatga keng jalb etish asosiy maqsad qilib belgilangan.

Markazning dastlabki bosqichda 40 ta zamonaviy kompyuter bilan jihozlanishi esa ta’lim jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Joriy yil davomida “Bir million dasturchi” hamda “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihalari doirasida 200 nafar yoshlarni raqamli bilimlar bilan qamrab olish, ularni yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA