Uchinchi renessansning o‘ziga xos tashabbuslari...
Ma’lumki, Prezidentimiz vodiy viloyatlariga tashrif buyurdi. Barchamiz tashrif tafsilotlarini kuzatib, guvohi bo‘ldik.
Nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo tarixida Prezidentlarning viloyatlarga tashrifi ko‘p kuzatiladi. Ammo bu gal O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatlarga tashrifi o‘ziga xos jihatlari bilan ahamiyatli bo‘ldi. Odatiy tayyorgarliklardan xoli tashrif tasodiflarga boyligi, tabiiyligi, sodda va samimiyligi bilan ajralib turdi.
Demokratiyaning bir ko‘rinishi sifatida xalqning Prezident qarshisida turib o‘z muammolarini ochiq va bexavotir so‘zlay olishini misol keltirish mumkin.
Ayniqsa, kutilmaganda o‘z mahallasida davlat rahbariga duch kelib qolgan oddiy xalqning hayratini izohlash mushkul. Balki shuning uchun ham bu holat ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘layotgandir.
E’tibor qilinsa, Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lgach, eng avval xalq qabulxonalarini, Prezidentga murojaat qilish uchun onlayn platformalarni, portal va ijtimoiy tarmoqlardagi maxsus sahifalarni yaratilishini o‘ziyoq uchinchi renessansning o‘ziga xosligini anglatadi.
Prezident muammolarga, xalq dardiga tik boqishdan qo‘rqmadi. Muammolarni mardlarcha qabul qildi. Ularga yechim izladi. Yana bir ahamiyatli jihati borki, bundan besh yil avval hech birimiz davlat boshqaruvi sohasidagi islohotlarga, hokimiyat vakillariga e’tirozlarimizni ochiq-oshkora bildira olmasdik. Bugun hatto Vazirlar ayovsiz tanqid qilinmoqda. So‘z erkiniligi ta’minlanib, OAVlari chinakam to‘rtinchi hokimiyatga aylanib bormoqda.
Muloqotimizga birinchi marta bloger degan atama kirib keldi va ularning fikrlariga quloq tutilmoqda, ko‘tarilgan masalalarga davlat darajasida e’tibor qilinmoqda. Hattoki, mansabdorlar blogerlarning savollariga javob berishi, ular bilan hisoblashishi ham odatiy holga aylandi.
Agar e’tibor bilan qaralsa, bular o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmadi. Buning zamirida davlat rahbarining amalga oshirgan izchil islohotlari, mehnati va ta’bir joiz bo‘lsa, jasorati va xalqparvarligi yotibdi.
OAVlari orqali Prezident tashrifi haqida o‘qib, shunga amin bo‘lib borayapmizki, mamlakatimiz chinakam demokratik mamlakatga aylanmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, bu gal tashrif chog‘ida Prezidentga hamrohlik qilgan vazirlarga ham oson bo‘lmagan. Ularning barchasi ham o‘z taqdimotlaridan keyin yaxshi gap eshitmaganlar. Prezident o‘zini xalq o‘rniga qo‘ya bilgani holda, xalq manfaatlari nuqtai nazari bilan yondashib, ko‘p mansabdorlarni qattiq tanqid ostiga oldilar.
Xususan, davlat rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov va uning o‘rinbosari Sohib Saifnazarov ishni to‘g‘ri tashkil qilmagani uchun jiddiy tanbeh eshitishlariga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek yo‘llar masalasida Farg‘onada dakki eshitgan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev bu gal ham tanbehlardan xoli qolmagan.
Tashrif chog‘ida oddiy fuqarolarning xonadonlarida mehmon bo‘lgan Prezident «Xudoga shukr, oldin azonlar eshitarmidik? Qanday quloqqa yoqimli! Hamma narsa yopiq edi, ko‘p narsa mumkin emasdi. «Mumkin emas...» Nimaga mumkin emas? Nimaga? Bu ham o‘zligimizni anglash, qadriyat!» deya ta’kidladi.
Bu xonadonga tashrif chog‘ida mahalla raisi bo‘lgan 22 yoshli Muzaffarga qarab, «Dovrug‘ing Toshkentgacha bordi» dedi.
Qarang-a, 22 yoshida mahallaga rais bo‘lish renessans emasmi? Ustiga-ustak, yoshlarimiz o‘z ishlarini qiyomiga yetkazib olib borsa. 12 yoshida taxtga o‘tirgan Bobur, 8 yoshida she’r yozgan A.Navoiyning avlodi ekanini isbotlashning o‘zginasi emasmi bu?
«Tavba qilsang, iymon, shukur qilsang, boylik ortadi», deyiladi xalq maqollarida. Mamlakatimizda bo‘layotgan yangilanishlar, o‘zgarishlar, nafaqat so‘z erkiniligini ta’minlashda, balki barcha sohalarda tengdan amalga oshirilmoqda.
Uchinchi renessansning o‘ziga xos jihatlarini anglash uchun internet titish, olam kezish, izlanish olib borish shart emas, atrofga qarashning o‘zi kifoya. Har qadamda yangilanish, har qadamda imkoniyat.
Bizdan bugun faqat bir narsa talab etiladi xolos – birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar, deganlaridek, agar bu yo‘lda birlashib, davlat rahbari atrofida hamfikr va maslakdosh bo‘la olsak, ko‘zlagan maqsadlarimizga albatta erishamiz!
Hamidjon Omonov,
O‘zMTDP
Andijon viloyat Kengashi raisi, viloyat Kengashi deputati