Uchinchi Renessans poydevorini qurishga bel bog‘laylik
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi s’ezdida ishtirok etib, o‘ziga xos ijobiy taassurotlar bilan qaytdim.
S’ezdda partiyadan Prezidentlikka amaldagi Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev nomzodini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi. Nomzod s’ezd delegatlarini o‘zining saylovoldi dasturidagi ustuvor masalalar bilan tanishtirdi.
Chuqur tahlillar va aniq faktlarga asoslangan dasturda mamlakatimizni keyingi 5 yillikda rivojlantirishning yo‘nalishlari sanab o‘tildi. E’tiborlisi, o‘tgan 5 yilda ham keyingi 5 yillikda ham amalga oshiriladigan islohotlarning barchasi inson manfaatlariga, aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qilishi nomzod ma’ruzasining asosini tashkil qildi.
S’ezdda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari – “Yangi O‘zbekiston strategiyasi”ni e’lon qildi.
Yangi O‘zbekiston strategiyasi ilm va innovatsiyalarga asoslangan yangi iqtisodiyotni barpo etish, kambag‘allikni qisqartirish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, sifatli ta’lim, aholi salomatligi, hududlarni rivojlantirish, adolat va qonun ustuvorligi, xavfsizlik va ochiq pragmatik faol tashqi siyosat kabi eng asosiy va muhim yo‘nalishlarni o‘z ichiga oldi.
Strategiyada barcha sohalar qatori erkin va ochiq fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha ham ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Bunda, keng jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligining zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish, ekspertlar guruhlari ishtirokida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida amaliy tadqiqotlarni tashkil etish, mazkur institutlarning jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va ilg‘or tajribalarni O‘zbekiston sharoitida joriy etish kabi masalalar o‘z aksini topdi.
Darhaqiqat, mamlakatning har tomonlama gullab yashnashiga faqat kuchli va adolatli fuqarolik jamiyati sharoitida erishish mumkin. Buning uchun, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini kuchaytirish, amalga oshirilayotgan islohotlarda nodavlat notijorat tashkilotlarning tashabbuskorligi va faolligini ta’minlash lozim bo‘ladi.
Strategiyada fuqarolik jamiyati institutlari uchun yana bir muhim hujjat Nodavlat notijorat tashkilotlar kodeksini qabul qilishning kiritilishidir. Albatta, ushbu tarixiy jarayon asosida fuqarolik jamiyati institutlarining erkin va ochiq faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoit yaratilishi, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirilishi muhim hisoblanadi.
Aynan ushbu yo‘nalishdagi ishlarga e’tiborning yanada kuchaytirilishi bugungi kundagi fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasining ortayotganidan va ijobiy natijalar berayotganidan dalolat. Chunki, bugun nodavlat notijorat tashkilotlari davlatga ko‘makdosh bo‘lib, joylarda muammolarni bevosita o‘rganib, ularning yechimlari yuzasidan ijro organiga aholi turmush darajasini oshirish borasidagi aniq taklif va tavsiyalarni bermoqda.
Partiyadan nomzodi ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida ushbu masalaning amalga oshirilishini shaxsan men qo‘llab-quvvatlayman. Shavkat Mirziyoyevning s’ezddagi nutqlaridan quyidagi jumlani keltirmoqchi man: Xalqimiz aytgan muammolardan 5-10 baravar ko‘proq muammolar borligini bilaman. Ammo vazminlik, sarosimaga tushmasdan, xalq bergan ishonchga munosib bo‘lishga, ularni hal qilishga harakat qilaman. Kimdan kuch olaman? Bolam deb bag‘riga oladigan xalqim bor. Betakror Vatanimiz bor. Bu rejalar-ma’ruza emas, buni amalga oshirish hayotim mazmuni. Sizlarni ishontirmoqchiman: yo‘limiz aniq. Xalqimizga xizmat qilamiz.
O‘zingiz ko‘rib turibsiz, bugungi xalqimiz – kechagi xalq emas. bugungi O‘zbekiston ham, kechagi O‘zbekiston emas. Biz bilan hamkorlik qilayotgan dunyo ham – kechagi dunyo emas. Shunday ekan, keling barchamiz u kishiga yelkadosh, ko‘makdosh bo‘lib, xalq manfaatiga o‘z hissamizni qo‘shib, uchinchi Renessans poydevorini qurishga bel bog‘laylik!
Hamza Ro‘ziyev,
“Yuksalish” umummilliy harakati
Buxoro viloyati bo‘linmasi rahbari,
xalq deputatlari viloyat kengashi deputati