Uchastkalar referendum o‘tkazishga tayyor
Mamlakatimizda joriy yilning 30 aprel kuni o‘tkaziladigan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 3-Buxoro okrug komissiyasi tomonidan ham keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirilayotir. Viloyatda ovoz beruvchilarning umumiy soni 1 million 131 ming 414 nafarni tashkil qiladi.
Viloyat hududida O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 610 ta uchastkalar tuzilgan. “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida” gi qonuni 21-moddasiga asosan, 610 ta referendum uchastkalarida faoliyat yurituvchi uchastka komissiya a’zolari tarkibi tasdiqlangan. Ma’lumot uchun, referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalar a’zolari 6 ming 428 nafardan iborat. Ularning 5 ming 594 nafari (87 foizi) ilgari ham saylov jarayonlarida qatnashgan malakali xodimlardir.


Buxoro shahar 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosida 28-referendum uchastka komissiyasi tashkil etilgan. “Referendum uchastkalari hamda referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari” to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ushbu uchastkada 11 nafar komissiya a’zosi faoliyat yuritmoqda. Ayni damda komissiya a’zolarining faoliyat yuritishlari uchun barcha qulaylik yaratilgan. Belgilangan tartibda texnik jihozlar, turli qo‘llanmalar va stendlar bilan ta’minlangan.
– O‘tkazilishi kutilayotgan referendumga tayyorgarlik ko‘rishda komissiya a’olari bilan hamjihatlikda ish olib borayapmiz, – deydi 28-referendum uchastka komissiyasi kotibi Amina Azimova. – Bunda bizning uchastkaga tegishli ob’ektlarga borib, fuqarolar bilan o‘zaro suhbatlashgan holda referendum qonunchiligi mazmun-mohiyatini tushuntirmoqda.
Referendum uchastkalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va jihozlar bilan ta’minlash referendumga tayyorgarlik jarayonlarining dastlabki bosqichidir. Bunda har bir uchastka o‘ziga tegishli manzillarda fuqarolarni ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxati bilan tanishtiradi. Xato va noaniqliklar aniqlansa, ariza asosida bartaraf etiladi.
O‘rganishlar mobaynida ma’lum bo‘ldiki, Abdurauf Fitrat nomidagi Buxoro maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab internati binosida joylashgan 17-referendum o‘tkazuvchi uchastka bugunga qadar biriktirilgan hudud fuqarolarini ovoz beruvchilar ro‘yxati bilan tanishtirib, referendum kuni va vaqti, ovoz berish tartibi to‘g‘risida xabardor qilmoqda.
Uchastkaning jihozlanishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bunda stendlar, yashirin ovoz berish kabinalari, ovoz berish qutilari hamda boshqa jihozlar bilan ta’minlangan.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 3-Buxoro okrug komissiyasi qarashli 610 ta referendum uchastkalarida joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumga munosib tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA