“Uchar” bosh hisobchiga sud hukmi o‘qildi
Oramizda garchi mansabdor shaxs bo‘la turib, ishonib topshirilgan davlat va jamiyat mol-mulkini talon-toroj qilishni o‘zlariga kasb qilib olgan ayrim kimsalar uchrab turadi.
Yaqinda ana shunday shaxslardan biriga jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tumani sudida hukm o‘qildi.
Shaxobiddin Raximov (ism familiyasi o‘zgartirilgan) “N.X.A.”da bosh hisobchi lavozimida ishlab turib, xodimlarning arizasiga asosan, avans shaklida ko‘chirilishi mumkin bo‘lgan to‘lovlar to‘g‘risidagi qoidalardan foydalangan holda o‘zi va tashkilotning boshqa ishchi-xodimlariga o‘rtacha oylik ish haqining bir baravarigacha bo‘lgan to‘lovlarni oldindan o‘z manfaati yo‘lida ishlatib kelgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Sh.Raximov mazkur to‘lovlarni xodimlarning oylik maosh shaxsiy varaqalariga aks ettirilmaslik va ularning oylik maoshi hisobidan kamaytirilmasligi uchun jamiyatning kompyuter texnikasidagi “1S-8” dasturiga kiruvchi hisobchilarga cheklovlar qo‘yilganini bilgan holda asossiz ravishda 2020 yil iyun-noyabr oylari davomida o‘zining va yaqin qarindoshlarining plastik kartalariga 165 million 220 ming so‘m pul mablag‘larini “Ish haqi hisobidan to‘lov” mazmunida o‘tkazgan hamda tashkilotning pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilib kelgan.
Sud majlisi jarayonida sudlanuvchi aybiga iqror bo‘lib, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi va qonunda yetkazilgan zararlar qoplagan shaxsga nisbatan qamoq bilan bog‘liq jazo tayinlash mumkin emasligi nuqtai-nazaridan, davlat byudjeti mablag‘ini o‘zlashtirgan mazkur “uchar” hisobchiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Unga nisbatan oylik ish haqining 30 foizini davlat hisobiga ushlab qolish sharti bilan 3 yil muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi va 3 yil davomida moliyaviy ishlar bilan bog‘liq mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
“Ko‘za kunda emas, kunida sinadi” degan naql bejiz emas. Shu bois to‘g‘ri yurganning omadi keladi, egri yurgan esa tayoq yeydi.
Jahongir Karimov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudining raisi.
O‘zA