Uch yuzdan ziyod fuqaro ishli bo‘ldi
Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida viloyatdagi 341 korxona va tashkilot 1 ming 786 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida viloyatdagi 341 korxona va tashkilot 1 ming 786 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Jizzax viloyati prokuraturasi, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bu borada joylarda tashkil etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari muhim ahamiyat kasb etayotir.
Yarmarkada korxona va tashkilotlar, xususiy tadbirkorlar o‘z faoliyatini ko‘rgazmalar, targ‘ibot vositalari orqali namoyish etdi. “Jizzax plasteks” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi, “Jizzax kenteks”, “Rus teks” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “Jizzax akkumlyator”, “Jizzax plastmassa” kabi yirik korxonalarning faoliyati ishtirokchilar, ayniqsa, yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mehnat yarmarkasida 300 dan ziyod kishiga o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.
– Shu yilning o‘tgan davrida viloyatda 27 bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi, – deydi viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi bandlik va mehnat bozori bo‘limi boshlig‘i Akbar Fayziyev. – Ularda 1 ming 894 nafar kishi ishga joylashtirildi. Ishga joylashganlarning 938 nafarini yoshlar, 712 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.