Uch davlat, bir qalqon: Makka kelishuvi ortida nima bor?(+video)
2026-yil 7-avgust kuni Makkada Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston «Makka qo‘shma mudofaa kelishuvi»ni imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, uch davlatdan biriga qilingan qurolli hujum uchalasiga qilingan hujum sifatida qaraladi. Ushbu kelishuvning asl mohiyati va uning bugungi geosiyosiy vaziyatga ta’siri qanday bo‘lishi “Xalqaro sharh” ko‘rsatuvi eksperti siyosiy fanlar doktori, Bektosh Berdiyev hamda jurnalist Dilshod Bo‘riyev tomonidan tahlil qilindi.
Avvalo, ushbu kelishuv kimning tashabbusi bilan yuzaga keldi?
Buni faqat bitta davlatning tashabbusi deb aytish qiyin. Lekin kelishuv Saudiya Arabistonining xavfsizlik ehtiyojlari bilan kuchli bog‘liq. Turkiya esa harbiy-texnologik salohiyati, Pokiston esa katta va tajribali armiyasi hamda yadroviy maqomi bilan kelishuvga strategik kuch beradi. Uch davlat avvaldan mudofaa sohasida hamkorlik qilib kelgan bo‘lsada, nega aynan hozir kelishuvga qaror qilindi?
Asosiy omil, Yaqin Sharqda xavfsizlik muhitining keskin o‘zgarishi. AQSH va Isroilning Eron bilan urushi, Eronning raketa imkoniyatlari va Fors ko‘rfazi xavfsizligiga tahdidlar Saudiyani o‘z mudofaa imkoniyatlarini diversifikatsiya qilishga undadi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni AQSH xavfsizlik kafolatlariga avvalgidek to‘liq suyanish yetarli emas, degan xulosaga kelayotgani haqida tahlillar bor. Ammo, ko‘pchilikda bu kelishuv Eronga qarshi ittifoq emasmi, degan savollarni tug‘dirmoqda. Lekin, bevosita «Eronga qarshi ittifoq» deb atash noto‘g‘ri. Rasmiy hujjatda Eron dushman sifatida tilga olinmagan. Ammo siyosiy jihatdan kelishuvning Eronni tiyib turish funksiyasi bor, deyish mumkin. Chunki kelishuv Eron bilan mintaqaviy keskinlik eng yuqori nuqtalardan biriga chiqqan paytda tuzildi. Shu bilan birga, Turkiya ham, Pokiston ham Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushga kirishishdan manfaatdor emas; shu sababli ular uchun bu kelishuv ko‘proq mudofaa, siyosiy signal va mintaqaviy ta’sirni kuchaytirish vositasi bo‘lib ko‘rinadi. Ko‘pchilikda Pokistonning o‘zi xavfsizlik muammolari bilan band bo‘lsa, boshqalarni qanday himoya qiladi, degan savollar paydo bo‘lishi mumkin.
Suhbatdagi eng qiziq savollardan biri ham shu. Pokistonda Afg‘oniston chegarasi va ichki terrorizm bilan bog‘liq muammolar bor. Bu yerda Pokistonning asosiy qiymati, yadroviy tiyib turish salohiyati, katta armiyasi, harbiy tajribasi va Saudiya bilan uzoq yillik harbiy aloqalari deyish mumkin. Biroq kelishuvning amalda qanday ishlashi, masalan, hujum yuz berganda qaysi davlat qancha kuch va qanday shaklda yordam berishi hozircha aniq emas.
Suhbatda kelishuvni hozircha to‘liq harbiy blok emas, balki uch davlatning o‘zaro mudofaa kafolati, harbiy hamkorligi va mintaqada mustaqilroq xavfsizlik arxitekturasini yaratishga urinish deb baholandi.
Kenja Bekjonov, Nishonboy Abduvoitov, Ulug‘bek To‘xtayev,O‘zA